
AQSHda Trampga qarshi «No Kings» namoyishlari millionlab odamlarni jamladi
Nyu-York, Vashington, Los-Anjeles va boshqa shaharlarda minglab amerikaliklar «No Kings» shiori ostida Donald Tramp siyosatiga qarshi chiqdi.

AQSHning bir qator yirik shaharlarida — Nyu-York, Vashington, Chikago, Mayami va Los-Anjelesda 18 oktyabr kuni Donald Tramp ma’muriyati siyosatlariga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Tayms-Skver maydonidagi mitingda 20 mingdan ortiq kishi qatnashdi, mamlakat bo‘ylab esa 100 mingdan ziyod fuqaro ishtirok etgan.
Namoyishchilar «Demokratiya — podshohlik emas» va «Konstitutsiya majburiy» kabi shiorlar bilan chiqishdi. Namoyishlar davomida zo‘ravonlik holatlari qayd etilmadi, politsiya faqat kuzatuvchi sifatida qatnashdi.
Nyu-Yorklik yozuvchi Bet Zaslof bu harakatni «fashizmga moyil boshqaruvga qarshi kurash» deb ta’riflab, «bunday birlik menga umid beradi», dedi.
Vashingtonda senator Berni Sanders «Biz Amerikani yomon ko‘rganimiz uchun emas, sevganimiz uchun bu yerdamiz», deya chiqish qildi. Senator Chak Shumer ham namoyishda qatnashib, «Bizda podshoh yo‘q, Tramp demokratiyani buzishga yo‘l qo‘ymaymiz», deb ta’kidladi.
Tramp esa Fox News telekanaliga bergan intervyucida «Meni podshoh deb atashyapti, lekin men podshoh emasman», deb javob qaytardi. Bir necha respublikachi gubernatorlar esa ehtiyot chorasi sifatida Milliy gvardiyani tayyor holatda ushlab turishni buyurdi.
Namoyishlar faqat AQSHda emas, Yevropaning Berlin, Madrid, Rim va London shaharlarida ham o‘tdi. Londondagi AQSH elchixonasi oldida bir necha yuz kishi yig‘ildi, Toronto shahrida esa «Qo‘l uz, Kanadadan» shiori ostida namoyishlar bo‘lib o‘tdi.
Reuters so‘roviga ko‘ra, Trampning reytingini 40 foiz aholi qo‘llab-quvvatlamoqda, 58 foizi esa norozi. Bu ko‘rsatkich uning avvalgi muddatidagi reytingidan past, ammo jamiyatdagi siyosiy bo‘linish hanuz kuchliligicha qolmoqda.





