
«Assalom yangi kun, xayr jonli efir?» — TVda haqiqatni so‘zlagan navoiylik jurnalistga bosim bo‘lgani aytilmoqda
24.07.2025 | 22:2317136
Jurnalist Ruslan Saburovning yozishicha, Navoiy viloyati teleradiokompaniyasining tonggi jonli efiri haqiqat aytilgani uchun to‘xtatilgan. Faollar bunday holatni so‘z erkinligiga tahdid sifatida baholamoqda.

«Navoiy» telekanali «Assalom, yangi kun!» ko‘rsatuvi boshlovchisiga viloyatda havodagi zaharli gazlar odamlarni qiynayotgani haqida jonli efirda gapirgani uchun bosim bo‘lgani aytilmoqda. Qolaversa, «Navoiy» telekanalidagi jonli efirlar to‘xtatilgan. Bu haqda jurnalist Ruslan Saburov o‘zining Facebookʼdagi sahifasida ma’lum qildi.
«Navoiy teleradiokompaniyasida har tong beriladigan jonli efir «o‘libdi», Akram Mukimov uning «joni»ni sug‘urib olibdi. Meni televideniyeda ishlaydi, deb o‘ylasa kerak, keksaroq yoshdagi bir hamqishlog‘im «jonli efir qani?», deb yozib qoldi. Nimani nazarda tutayotganini tushunmay, rosa o‘yladim. Topolmagach o‘zidan so‘radim. Bilsam u Navoiy telekanalidagi tonggi jonli efirni aytayotgan ekan. Qarang, har ko‘rsatuvning o‘z tomoshabini, muxlisi borda. Tomoshabin o‘rgangan, unga ekran chetida «jonli efir» degan yozuv chiqib turmasa hisob emas. Xullas, sekin surishtirib ko‘rsam, jonli efirni to‘xtatishibdi. Balki yozib olib berilayotgandir, unisini bilmadim. Keyin o‘sha hamqishlog‘imga «Ta’ziyamni qabul qiling, jonli efir «o‘libdi», uning «joni»ni sug‘urib olishibdi», deb yozib yubordim», — deya yozgan Saburov.Jurnalist Ruxsora Boboqulova tonggi efir vaqtida viloyat Ekologiya boshqarmasi xodimlarini havodagi zaharli gazlar qayerdan kelayotganini aniqlashi va unga barham berishiga umid qilgan.
«Bilmadim, ertalab siz tongni qahva bilan kofe bilan yoki achchiqqina ko‘k choy bilan boshlagan bo‘lsangiz kerak, lekin biz Navoiy shahri ahli zaharli gazlar bilan tongni boshladik. O‘ylaymizki, Ekologiya boshqarmasi xodimlari ham salqingina xonasidan chiqib, bu zaharli gaz qayerdan kelayotganini va bunga barham berish choralarini ko‘radi, degan umid va yaxshi niyatlar bilan dasturimizni boshlaymiz», — degan boshlovchi o‘z chiqishida.Ruslan Saburovga ko‘ra, bunaqa «haqiqat aytib yuborilishi mumkin bo‘lgan holatlar»ning oldini olish uchun jonli efir to‘xtatilgan. Hatto Ruxsora Boboqulovaga ozmi-ko‘pmi bosim bo‘lgani haqida ham eshitgan.
«Haqiqat aytilgani uchun jonli efirning to‘xtatilishi bu yaxshi signal emas. Davlat kanallariga reyting kerak ekan, mana shunaqa ochiq dasturlar orqali ularni olish mumkin, cheklovlaru, maqtov uchun emas! Shu jurnalistni deb Navoiy TRKni internetning o‘zbek segmenti olqishlagani rost emasmi?», — deya yozgan jurnalist Nozima Toshpo‘latova.Ekofaol Mo‘’tabar Xushvaqtova esa OAV to‘rtinchi hokimiyat bo‘lishi uchun jurnalistlar tazyiqqa olinmasligi kerakligini yozdi.
«Mana, nima uchun televideniye oldi-qochdi mavzularga to‘la! OAV haqiqatdan ham to‘rtinchi hokimiyatga aylanishi uchun mana shunday jurnalistlarni tazyiqqa olmaslik kerak», - degan u.Vaqt.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, bugun viloyat teleradiokompaniyasi raisi va viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Shohira Hamro ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan va tonggi jonli efirni vaqtincha to‘xtatish haqida masala ko‘tarilgan. Biroq jonli efirni davom ettirish qaroriga kelishgan.





