Auksionda yer sotib olgan tadbirkor qurilishni boshlash uchun 6 oydan 1 yilgacha hujjat yig‘ib yurishiga barham beriladi
Endi hokimlar yerni qurilish ruxsati, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyihasi bilan «tayyor paket» shaklida savdoga chiqaradi.
© E-auksionTadbirkorlar yer uchastkasini auksionda sotib olgach, qurilishni boshlash uchun 6 oydan bir yilgacha turli hujjatlarni yig‘ib yurishiga chek qo‘yiladi. Bu haqda Prezident Xorazmda o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan muloqotda ma’lum qildi.
Endi yer uchastkalari qurilish ruxsati, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va tayyor loyihasi bilan birga auksionga chiqariladi. Bunday «tayyor paket» asosida yer sotib olgan tadbirkor qurilish ishlarini darhol boshlashi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, infratuzilma yig‘imi uchun to‘lanadigan avans 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.
Yana bir yangilik banklar balansidagi 9 trillion so‘mlik 2,5 mingta mulkka taalluqli. Ularni tadbirkorlarga chegirmali narxda, boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat beriladi. Bunday mulkni sotib olgan tadbirkor bir yil davomida yer va mol-mulk solig‘ini to‘lamaydi.
Yer va mulk yengilliklari
Yangi tartib tadbirkorlarning ish boshlash jarayonidagi vaqt va xarajatlarini qisqartirishga qaratilgan. Ayniqsa, qurilish uchun yer olgan biznes vakillari avval ruxsatnoma va loyiha hujjatlarini tayyorlash bilan alohida shug‘ullanishiga hojat qolmaydi.
Banklar balansidagi bo‘sh turgan yoki foydalanilmayotgan mulklarni biznesga jalb qilish ham ko‘zda tutilmoqda. Jami 9 trillion so‘mlik 2,5 mingta obyekt tadbirkorlarga qulay moliyalashtirish shartlari asosida taklif qilinadi.
Shu tariqa tadbirkor mulkni sotib olishda boshlang‘ich to‘lov qilmasdan, qiymatini foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qo‘shimcha ravishda, birinchi yil uchun yer va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi.
Yangi sanoat zonalari
Mahalliylashtirishni kuchaytirish uchun birinchi navbatda ishlab chiqariladigan 50 ta mahsulot ro‘yxati shakllantirildi. Ularni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Navoiy, Jizzax, Namangan, Urgut va «Hazorasp» maxsus iqtisodiy zonalarining bir qismida «Bond sanoat zonalari» tashkil etiladi.
Ushbu zonalarga xomashyo va butlovchi qismlarni olib kirishda barcha soliq va bojxona to‘lovlari bekor qilinadi. Agar mahsulotning mahalliylashtirish darajasi 30–40 foizdan oshsa, uni ichki bozorga chiqarishda ham imtiyozli shartlar qo‘llanadi.
«Bond sanoat zonalari»da ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik markazlari, laboratoriyalar, muhandislik hamda texnologik xizmatlar yagona tizimda ishlaydi. Tadbirkorlarga infratuzilmasi tayyor binolar taqdim etish uchun 50 million dollar ajratiladi.





