
«Aviator»dagi yong‘indan so‘ng savdo obyektlarida tekshiruvlar boshlandi
Yashnaboddagi savdo majmuasida sodir bo‘lgan yong‘indan so‘ng O‘zbekiston bo‘ylab shu kabi obyektlarni tekshirish boshlandi. Yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermagan obyektlar faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.

Toshkent shahridagi «Aviator» savdo markazida sodir bo‘lgan yirik yong‘indan so‘ng respublika miqyosida shu turdagi obyektlarda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan keng qamrovli tekshiruvlar boshlandi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlikka ko‘ra, baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida ishchi guruh tuzilib, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Tekshiruvlar jarayonida yong‘in xavfsizligi qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi aniqlangan obyektlar faoliyati kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to‘xtatilishi belgilangan.
FVV ma’lumotida ta’kidlanishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilmasligi oqibatida yuzaga kelgan hodisalar bo‘yicha obyekt rahbarlari va mas’ul shaxslar ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Vazirlik tadbirkorlar va obyekt egalariga qonun talablariga befarq bo‘lmaslik, yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilish zarurligini eslatdi. FVVga ko‘ra, aynan profilaktik choralar orqali obyektlarga tashrif buyuruvchi fuqarolar, shuningdek, ishchi va xizmatchilarning hayotini saqlab qolish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 31-yanvar kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan Aviator savdo majmuasida yirik yong‘in sodir bo‘lgan edi. Hodisa oqibatida vayronalar ostida 2023 yilda tug‘ilgan bola jasadi topilgan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.





