Avstraliyada ijtimoiy tarmoqlar taqiqi kutilgan samarani bermayapti — tadqiqot
Cheklovlarga qaramay, avstraliyalik o‘smirlarning 80 foizdan ortig‘i hamon eski sahifalarini saqlab qolgan yoki yangilarini ochib, tarmoqlardan faol foydalanishda davom etmoqda.
© yahoo.comYangi tadqiqot xulosalariga ko‘ra, Avstraliya hukumati tomonidan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun taqiq o‘tgan yilning dekabr oyida kuchga kirgan edi. Shunga qaramay, avstraliyalik bolalar va o‘smirlarning 80 foizdan ortig‘i (har 10 nafardan 8 tasi) ijtimoiy tarmoqlardan hanuzgacha foydalanmoqda.
Xo‘sh, amalda vaziyat qanday kechmoqda va bu haqda yana nimalar ma’lum?
So‘nggi hisobotda nimalar aniqlandi?
Avstraliyaning «eSafety» internet-regulyatorining aniqlashicha, cheklovlarga qaramay, 16 yoshgacha bo‘lgan har 10 nafar avstraliyalik bolaning 8 nafardan ortig‘i hamon ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqda.
Hisobotda ta’kidlanishicha, 10-15 yoshli bolalarning aksariyati mart oyida ham ijtimoiy tarmoqlardan xuddi taqiq kuchga kirgunga qadar (o‘tgan yilning 10-dekabrigacha) bo‘lgani kabi faol foydalangan.
«Taqiq kuchga kirgunga qadar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasiga ega bo‘lgan 16 yoshgacha bolalarning aksariyati oradan uch oy o‘tsa-da, eski akkauntlarini saqlab qolishga yoki yangisini ochishga muvaffaq bo‘lgan. Bunga asosiy sabab sifatida platformalarning yoshni tekshirish bo‘yicha samarali tizim yarata olmagani ko‘rsatilmoqda», — deyiladi «eSafety» bayonotida.
Eski profillarini saqlab qolgan bolalarning qariyb teng yarmi tarmoq ularning yoshini umuman tekshirmaganini ta’kidlagan. Aynan shu omil ularning tarmoqda qolishiga eng asosiy sabab bo‘lgan. Qolganlar esa o‘z sahifalarida yoshini 16 va undan yuqori qilib ko‘rsatganini yoxud yoshni aniqlash tizimi ularni xatolik tufayli katta yoshli foydalanuvchi sifatida qabul qilganini bildirgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, taqiq joriy etilguniga qadar so‘rovnomada qatnashgan bolalarning salkam 86 foizi yoshga doir cheklov o‘rnatilgan kamida bitta platformadan foydalanishini ma’lum qilgan. Oradan uch oy o‘tgach ham bu ko‘rsatkich 81 foizdan yuqoriligicha qolmoqda, deyiladi «eSafety» hisobotida.
Hujjatda qayd etilishicha, o‘smirlarning qariyb 58 foizi ijtimoiy tarmoqlardan har kuni foydalanishini aytgan (taqiqdan oldin bu raqam 60 foiz atrofida bo‘lgan). Shuningdek, tadqiqot xulosalari bolalarning sport va jismoniy faollik, oila va do‘stlar davrasida vaqt o‘tkazish hamda jamoat tadbirlaridagi ishtiroki kabi ko‘rsatkichlarida deyarli hech qanday ijobiy o‘zgarish bo‘lmaganini ko‘rsatgan.
Aslida bu taqiq nima uchun joriy qilingan edi?
2025-yilning dekabr oyida Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlab, dunyoda bunday keskin qadamni tashlagan birinchi davlatga aylandi. Biroq videoo‘yin platformalari bu taqiqqa kiritilmagan edi.
Hukumatning ta’kidlashicha, bunday qarorga kiberbulling (internetdagi ta’qiblar), jinsiy ekspluatatsiya va o‘z-o‘ziga zarar yetkazishni targ‘ib qiluvchi kontentlarning bolalar hamda o‘smirlarning ruhiy va jismoniy salomatligiga ko‘rsatayotgan salbiy ta’siri yuzasidan xavotirlar ortib borayotgani sabab bo‘lgan.
Avstraliya hukumati buyurtmasiga binoan 2023-yilda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, 8 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan har besh bolaning to‘rttasi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi va bu jarayon aksariyat hollarda 10–12 yoshdan boshlanadi.
Qonun talablari va dastlabki natijalar
Qonunga muvofiq, eng yirik 10 ta ijtimoiy tarmoq platformasi 16 yoshgacha bo‘lgan avstraliyalik foydalanuvchilarni cheklash bo‘yicha «oqilona choralar» ko‘rmasa, 33 million dollar miqdorida jarimaga tortiladi. Bunday choralar sirasiga foydalanuvchining necha yoshda ekanini tasdiqlovchi maxsus tizimlarni joriy etish ham kiradi.
Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, 16-yanvar holatiga kelib, ijtimoiy tarmoq kompaniyalari Avstraliyadagi bolalarga tegishli deb topilgan qariyb 4,7 million profilni bloklashga ulgurgan.
«Biz "buning iloji yo‘q" deganlarning barchasiga — dunyodagi eng qudratli va boy kompaniyalar hamda ularning tarafdorlariga qat’iy javob qaytara oldik», — degan edi Avstraliya aloqa vaziri Anika Uells yanvar oyida.
Biroq oradan bir necha oy o‘tgach ma’lum bo‘ldiki, o‘smirlar nisbatan osonlik bilan yangi sahifalar ochishning uddasidan chiqmoqda.
Avstraliyadagi cheklovlar kuchga kirganidan bir necha kun o‘tib, voyaga yetmaganlarni bloklashi talab qilingan 10 ta platformadan biri — «Reddit» yangi qoidalarga rioya qilgan holda, hukumat qarori ustidan Oliy sudga shikoyat kiritgan. Ushbu ish bo‘yicha sud jarayonlari hamon davom etmoqda.
Avstraliya hukumati so‘nggi xulosalarga munosabat bildirdi
Shanba kuni Avstraliyaning samaradorlik, raqobat, xayriya va g‘aznachilik masalalari bo‘yicha vaziri o‘rinbosari Endryu Li yangi qonunni himoya qilib chiqdi. Uning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan taqiq bolalarning internetdan foydalanishiga oid milliy miqyosdagi qarashlarni allaqachon o‘zgartirishga ulgurgan.
«Mazkur cheklov ota-onalar o‘rtasidagi suhbatlarda muhim burilish yasadi, biz millionlab profillarning yopilishiga erishdik», — dedi Endryu Li televideniye orqali qilgan chiqishida.
«Qoidaga 100 foiz rioya qilinadi, deb hech qachon kutmaganmiz. Masalan, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish uchun belgilangan yosh cheklovlariga ham to‘liq amal qilinmaydi. Lekin bunday qonunning mavjudligi baribir o‘rinli», — deya xulosa qildi u.
Ijtimoiy tarmoqlar bolalar uchun haqiqatan ham zararlimi?
Ekspertlarning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlar uzoq vaqtdan buyon nazoratsiz qolayotgani sababli zararli kontent, yolg‘on ma’lumotlar va nafrat qo‘zg‘atuvchi chiqishlarga keng yo‘l ochib bermoqda. Buning ustiga, so‘nggi paytlarda sun’iy intellekt (SI) yordamida yaratilgan materiallarning keskin ko‘payishi bolalar va yoshlarning ruhiy holatiga yangi xavflarni keltirib chiqarmoqda.
Amerika psixologiya assotsiatsiyasi o‘tgan yili generativ sun’iy intellekt tizimlari zo‘ravonlik yoki shahvoniy mazmundagi videolar kabi zararli kontentning yanada keng tarqalishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirib, maxsus tavsiyanoma e’lon qildi.
Unda qayd etilishicha, o‘smirlar SI tomonidan yaratilgan kontentning haqqoniyligiga kattalarga nisbatan tezroq ishonadi.
«Bolalar sun’iy intellekt bergan maslahat yoki noxolis ma’lumot ortidagi asl maqsadni anglab yetmasliklari mumkin», — deyiladi hujjatda.
AQSHda tuzilgan irqchilikka qarshi «Black Lives Matter» harakati hammuassisi Ayo Tometining so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt jamiyatda azaldan shakllangan noto‘g‘ri qarashlar va stereotiplarni yanada kuchaytirib yuborishi mumkin.
BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) tomonidan 2025-yilning oktabr oyida e’lon qilingan tadqiqotda ta’kidlanishicha, butun dunyo bolalari sun’iy intellektning onlayn jinsiy ekspluatatsiya va «dipfeyk»lar uchun suiiste’mol qilinishidan xavotir bildirmoqda.