
Avtoraqam «biznesi»: davlat yarim yilda 378,7 mlrd so‘m daromad qildi
31.07.2025 | 08:2036052
So‘nggi olti oyda «chiroyli» raqamlar ortidan davlat xazinasiga qariyb 400 milliard so‘m tushdi.

O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi orqali yarim yil ichida 80 mingdan ortiq «chiroyli» raqamlar onlayn auksion orqali sotildi. Jami tushum 378,7 milliard so‘mni tashkil etdi. Xaridorlarning 96 foizi jismoniy shaxslar, qolgani — yuridiklar bo‘ldi.
Raqamlar eng arzoni 1,7 million so‘mdan sotilgan bo‘lsa, eng qimmat raqam uchun 509,6 million so‘m to‘langan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida onlayn auksionda avtoraqam 722,3 million so‘mga (komissiya va boshqa yig‘imlar bilan birga) sotilgan edi. Bu hozircha 2025 yilda kimoshdi savdosida qayd etilgan eng yuqori narxdagi avtoraqam hisoblanadi.





