Logo

Ballistik raketalar Putinning «so‘nggi imkoniyati» ekani aytilmoqda

Bugun 19:555 daqiqa

Jang maydonini kuzatayotgan ekspertlarning fikricha, dekabr oyidan beri kuzatilayotgan holat shuni ko‘rsatmoqdaki, Rossiya yangi hududlarni egallash uchun kurasha oladi, ammo ularni o‘z qo‘lida ushlab tura olmaydi.

Ballistik raketalar Putinning «so‘nggi imkoniyati» ekani aytilmoqda © Reuters

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Ukraina armiyasining dushman ta’minoti va askarlarini front chizig‘iga o‘tkazmaslik salohiyati sezilarli darajada oshgan. Bu holat janubdagi Zaporojijya va Xerson viloyatlaridan tortib, to sharqiy frontgacha kuzatilmoqda va natijada Rossiya armiyasi boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

Ayni paytda Ukraina Rossiya ichkarisidagi neftni qayta ishlash va o‘q-dori zavodlariga zarba berishda davom etib, uning harbiy salohiyatini zaiflashtirmoqda. Frontdagi holati yaxshilanayotganini his qilgan Ukraina kuchlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin nufuzli iqtisodiy forumda ishtirok etish uchun Sankt-Peterburgga yetib borgan bir paytda, aynan shu shaharga zarba yo‘lladi. Prezident Volodimir Zelenskiy esa Putinga urushda g‘alaba qozona olmasligini ta’kidlab, ochiq maktub yozdi.

«Resurslaringiz sezilarli darajada tugab bormoqda. Sizda 26 yildan beri qilib kelganingizdek, ruslarning sadoqatini sotib olishda davom etish uchun yetarli pul va siyosiy kuch qolmadi», – deb yozdi Zelenskiy maktubida.  

Zelenskiy Putinni yuzma-yuz muzokaralarga chaqirdi. U esa buni rad etdi.

Shuningdek, Moskva jang maydonida vaziyati yomonlashayotganini ham tan olgani yo‘q.

Ammo Zelenskiy ruslar ustunlikka ega bo‘lib turgan bitta yo‘nalish borligini tan oldi.

«Siz boshqa hech qanday qurol qila olmaydigan ishni ballistik raketalar bajarishiga umid qilyapsiz», — deya ta’kidladi u Putinga qarata.

Zelenskiy Ukraina-NATO kengashida Rossiya oyiga 120 ta ballistik raketa ishlab chiqarayotganini ma’lum qildi. Bu AQSH tomonidan ishlab chiqariladigan «Patriot» havo hujumiga qarshi tutib oluvchi raketalaridan ikki barobar ko‘p.

Rossiya ballistik raketalarining xavfi va ta’sir kuchi 2-iyun kuni yaqqol namoyon bo‘ldi: o‘sha kuni Ukrainaning aholi yashash punktlariga 656 ta dron va 73 ta raketa bilan hujum qilindi. Oqibatda 23 kishi halok bo‘ldi va kamida 130 kishi yaralandi.

Ukraina Harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, dronlarning 91,7 foizi va qanotli raketalarning 90,6 foizi havoda urib tushirilgan, biroq ballistik raketalarning bor-yo‘g‘i 27 foizinigina zararsizlantirishga erishilgan.

Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Sergey Beskrestnovning ta’kidlashicha, Rossiya boshqa turdagi raketalarni ishlab chiqarilganidan so‘ng bir necha oy ichida, dronlarni esa ikki hafta ichidayoq urushga tashlaydi. Ammo ballistik qurollar masalasida unday emas – dushman o‘zida 180-250 ta «Iskander» ballistik raketalaridan iborat strategik zaxirani doimiy ravishda saqlab kelmoqda.

«Ballistika — Rossiyaning urushdagi so‘nggi argumentidir», — deb yozdi Zelenskiy hamda AQSHni «Patriot» havo hujumiga qarshi raketalarini litsenziya asosida ishlab chiqarishga ruxsat berishga chaqirdi.

AQSH bu taklifni rad etdi, biroq Zelenskiy 2027 yilning oxirigacha «Patriot» tizimining Ukrainaga xos analogini ishlab chiqishga va’da berdi.

31-may kuni Ukrainaning 3-armiya korpusi bosib olingan Lugansk viloyati ichkarisida (50 dan 90 kilometrgacha masofada) joylashgan Lugansk, Starobelsk, Alchevsk, Bryanka va Kadiyevka shaharlarini o‘t ochish nazoratiga olganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, korpus 205 kilometr uzoqlikdagi Rossiya chegarasi yaqinida joylashgan zirhli texnika va o‘q-dori omborlariga ham zarba bera olish imkoniyatiga ega ekanini ta’kidladi.

Bu Ukrainaning sharqiy mintaqada dushman harakatini cheklab qo‘yish borasidagi kuch-qudratini ilk bor ochiq namoyish qilishi edi.

Rossiyalik harbiy muxbirlar ham Ukraina armiyasi chegara punktlari orqali o‘tayotgan rus yuk mashinalari karvonlariga zarba berish imkoniyatiga ega ekanini tasdiqladi.

Ta’minot karvonlaridan tashqari, Ukraina qo‘shinlari dushmanning o‘quv markazlarini ham nishonga olishni boshladi.

Ukrainaning Uchuvchisiz tizimlar kuchlari qo‘mondoni Robert Brovdining ma’lum qilishicha, uning qo‘l ostidagi bo‘linmalar Rossiya 3-armiyasining Luganskdagi Tryoxizbenko o‘quv poligoniga zarba bergan va natijada kamida 30 nafar harbiy halok bo‘lgan.

Ukraina o‘z dronlarining uchish masofasi va samaradorligini muttasil oshirib bormoqda. Xabarlarga ko‘ra, odatda qisqa masofaga mo‘ljallangan FPV dronlari endi dushman hududining 100 kilometrdan ortiq ichkarisigacha uchirilmoqda.

Bu haqda rossiyalik harbiy muxbirlar xabar berganidan so‘ng, Ukraina vakili Beskrestnov ushbu ma’lumotni tasdiqladi. Unga ko‘ra, Kiyev bosib olingan hududlardagi asosiy ta’minot yo‘llarini masofadan turib minalashtirish uchun dronlardan ham keng foydalanmoqda.

Rossiya — boshi berk ko‘chada

Ukrainaning taktikasi ish berayotgani айтилмоқда. Jang maydonidagi vaziyatni kuzatayotgan tahlilchilar Rossiya armiyasi to‘xtab qolgan, degan xulosaga kelishdi.

Vashingtonda joylashgan Urushni o‘rganish instituti (ISW) tahlil markazining yaqinda bergan bahosiga ko‘ra, Rossiya bu yil atigi 104 kvadrat kilometr hududni qo‘lga kiritgan.

O‘tgan haftada markaz yangi dalillarga asoslangan holda bu ko‘rsatkichni (dekabr oyini ham qo‘shib hisoblaganda) 40,64 kvadrat kilometrgacha tushirib, qayta baholadi. Tahlilchilarga ko‘ra, avval Rossiya nazoratiga o‘tdi deb hisoblangan ko‘plab hududlarga aslida shunchaki kirib borilgan xolos va ular hanuz bahsli hudud maqomida qolmoqda.

Xuddi shu davr mobaynida, ISW ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaning shiddatli qarshiligi sababli Rossiya o‘zi avval bosib olgan 281,1 kvadrat kilometr hudud ustidan nazoratni yo‘qotgan.

Ochiq manbalarga tayanuvchi «DeepState» razvedka loyihasining hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya may oyida bor-yo‘g‘i 14 kvadrat kilometr hududni egallagan. Bu 2023 yilning sentabridan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

«Mamlakatimizning janubi va sharqida bosqinchilar uchun birorta ham xavfsiz yo‘l qolmadi», — deb yozdi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva Zelenskiyning muddaosini juda yaxshi tushunganini tasdiqlab, Ukraina yetakchisining maqsadini «ҳuдuдларни qaytarib olish» deb ta’rifladi.

Rossiya Vashington orqali vositachilik diplomatiyasi zo‘r berdi. Biroq AQSH prezidenti Donald Trampning Qo‘shma Shtatlarni betaraf davlat sifatida ko‘rsatishga qaratilgan urinishlari puchga chiqayotgani Moskvaning hafsalasini pir qildi.

«Hozir Yevropa Ittifoqida: "Biz vositachi emasmiz, biz qat’iy ravishda Ukraina tomonidamiz", deyishmoqda. Yaqinda [AQSH Davlat kotibi] Marko Rubio Kongressda so‘zga chiqib, ayni shu fikrni bildirgani meni hayratda qoldirdi», — dedi Lavrov «RT Arabic» telekanaliga.

U buni Trampning 2025 yil avgust oyida Alyaskada bo‘lib o‘tgan sammitda Putinga bergan va’dasidan chekinishi sifatida baholadi.

Ukraina chuqurroq zarbalar bermoqda

Ukraina, shuningdek, Rossiyaning neft va mudofaa infratuzilmalariga uzoq masofadan zarba berish harakatlarini ham davom ettirmoqda.

30-may kuni Azov dengizi sohilidagi Taganrog aviabazasida ballistik raketa uchirish qurilmasi va ikkita «Tu-142» rusumli uzoq masofaga uchuvchi strategik bombardimonchi samolyot yo‘q qilindi.

Saratov va Rostovdagi neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berildi.

Шuningдек, Rossiyaning eng yirik korxonalaridan sanalgan Ilskiy va Novoshaxtinsk neftni qayta ishlash zavodlari ham nishonga olindi.

Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi arafasida Ukraina shahardagi neft terminaliga zarba yo‘lladi va portda turgan «Boykiy» harbiy kemasiga jiddiy shikast yetkazdi.

Bundan tashqari, Rossiyaning neft omborlari va nasos stansiyalariga ham yana bir qator zarbalar berildi. 

Teglar

Mavzuga oid