«Biz tekinga qo‘riqlamaymiz»: AQSH Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qo‘riqlagani uchun haq undirmoqchi
Trampning ta’kidlashicha, Vashington ushbu muhim suv yo‘lini o‘nlab yillar davomida tekinga qo‘riqlagan, endi esa ushbu xarajatlarni «boy davlatlar» qoplashi kerak.

AQSH prezidenti Donald Tramp Vashington Ho‘rmuz bo‘g‘ozida xavfsizlikni ta’minlashda asosiy rolni bajarishi va bu xizmat uchun boshqa davlatlardan haq olishi kerakligini bildirdi. U bu haqda «Fox News» telekanaliga bergan intervyusida gapirdi.
Trampning yangi talabi
Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH bo‘g‘ozning «himoyachisi»ga aylanadi va uning xavfsizligi uchun sarflanayotgan xarajatlar qoplanishi lozim.
Prezident bu tashabbusni shartli ravishda «Bo‘g‘ozning xaloskor farishtasi» deb atash mumkinligini ham ta’kidladi.
«Bu ishni amalga oshirganimizda, bizga pul to‘lashadi, chunki bu davlatlar juda boy. Ular biz tomonda va biz bu ishni tekinga qilishimiz kerak emas», — dedi u.
U qaysi mamlakatlar to‘lov qilishi haqida aniq gapirmagan bo‘lsa-da, Fors ko‘rfazidagi neft eksport qiluvchi davlatlarni nazarda tutgani aytilmoqda.
Shuningdek, Tramp AQSH «bo‘g‘ozni 50 yildan ortiq vaqt davomida qo‘riqlagani va buning uchun hech qachon pul olmaganini» ta’kidlab, bundan boshqa davlatlar pul ishlab topganini bildirdi.
«Biz uni tekinga qo‘riqlagan edik, endi esa qo‘riqlaganimiz uchun bizga juda katta pul to‘lashadi», — dedi u.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi bahslar kuchaymoqda
28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi qo‘shma urush boshlashidan oldin bo‘g‘oz barcha kemalar uchun ochiq edi. O‘shandan beri bo‘g‘oz orqali dengiz qatnovi sezilarli darajada kamaydi. AQSH va Eron o‘rtasida ushbu muhim suv yo‘lini nazorat qilish bo‘yicha kelib chiqqan bahslar esa nizoni bartaraf etish va barqaror tinchlik bitimiga erishish bo‘yicha urinishlarni yo‘qqa chiqardi.
Eron iyun oyida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi unga mazkur dengiz yo‘lagi orqali yuk tashishni nazorat qilish huquqini berganini da’vo qilmoqda.
Tehron AQSH harbiylarining kemalarni O‘mon qirg‘oqlari yaqinidagi janubiy yo‘nalishdan harakatlanish haqidagi chaqiriqlarini rad etdi. Vashington esa aynan shu yo‘nalish xavfsiz ekanini ta’kidlamoqda.
Eronning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi AQSHni kelishuv shartlarini muntazam buzishda ayblab, janubiy yo‘nalishdan foydalanish talabini xavfli va ishonchsiz deb baholadi.
So‘nggi kunlarda Eron bir nechta tijorat kemasiga hujum qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu voqealardan keyin AQSH Eronga havo zarbalari berdi. Shu bilan birga, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema harakati vaqtincha cheklanganini ma’lum qildi.





