add

Bolalar nafaqasi va moddiy yordam — yangi tartibga ko‘ra kimlarga qancha miqdorda beriladi

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash, hisoblash va to‘lashning yangi tartibi belgilandi.

Bolalar nafaqasi va moddiy yordam — yangi tartibga ko‘ra kimlarga qancha miqdorda beriladi

Ijtimoiy himoya sohasidagi yangi qaror bilan «Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Hujjatga ko‘ra, bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun fuqarolar davlat xizmatlari markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali murojaat qilishi mumkin.

Moddiy yordam uchun ariza berish usullari

Arizalar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda ham taqdim etiladi. Belgilangan tartibga ko‘ra, har bir oila bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam uchun bir oyda bir marta murojaat qilish huquqiga ega.

Arizalarni ko‘rib chiqish muddatlari ham aniq belgilandi. Oyning 16-sanasiga qadar berilgan murojaatlar shu oyning o‘zida ko‘rib chiqiladi. Agar ariza 16-sanadan keyin taqdim etilsa, u holda u keyingi oyda ko‘rib chiqiladi.

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlashni rad etish uchun asoslar mavjud bo‘lmagan taqdirda, to‘lovlar ariza ko‘rib chiqilgan oydan keyingi oydan boshlab «Yagona reyestr» axborot tizimi orqali avtomatik ravishda tayinlanadi va amalga oshiriladi.

Nizomga muvofiq, «davlat ta’minotidagi oila» hamda «kambag‘al oila» toifalaridagi oilalarga nafaqa va moddiy yordam ular ushbu toifadan chiqqunga qadar to‘lanadi. «Kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasiga kiritilgan oilalar esa ushbu maqom berilgan oydan keyingi olti oy davomida yordam oladi.

To‘lov miqdori

To‘lovlar miqdori qonunchilikda belgilangan. Agar oila «davlat ta’minotidagi» yoki «kambag‘al oila» toifasidan chiqarilib, «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasiga o‘tkazilsa, qo‘shimcha ariza talab etilmaydi. Bunda, agar har bir oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlarining 1 barvaridan 1,25 barvarigacha bo‘lsa, belgilangan nafaqa yoki yordamning 75 foizi, 1,25 barvaridan 1,5 barvarigacha bo‘lsa, 50 foizi miqdorida to‘lanadi.

Teglar

Mavzuga oid