
Bolgariyada valyuta yevroga almashishiga qarshi namoyishlar o‘tkazildi
02.06.2025 | 09:3047712
Sofiya va boshqa yirik shaharlarda yuzlab fuqarolar hukumatning milliy valyuta — levni yevroga almashtirish rejalariga qarshi chiqdi. Namoyishlarni mamlakatdagi o‘ng qanotdagi «Vozrojdeniye» partiyasi tashkil etdi.

Partiya yetakchisi Kostadin Kostadinov o‘z nutqida Yevropadagi hamkorlarga murojaat qilib, «o‘tirgan shoxlarini chopmaslikni» so‘radi. Uning ta’kidlashicha, bir qator iqtisodchilar va mutaxassislar Bolgariyaning yevrozonaga qo‘shilishi manfaatli bo‘lishiga shubha bildirmoqda.
Kostadinov 4 iyul kuni yana ommaviy chiqish uyushtirishga chaqirdi. U kuni Bolgariya parlamentiga YeI delegatsiyasi tashrifi rejalashtirilgan. Namoyishchilar ushbu tashrifni bloklash orqali o‘z e’tirozlarini yanada kuchaytirishni maqsad qilgan.
Bolgariya 2007 yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan. Biroq Yevropa Markaziy bankining baholashicha, mamlakat yevroga o‘tish uchun talab etiladigan barcha mezonlarga hali javob bermaydi. Shunga qaramay, 2024 yilda parlament valyuta almashuviga doir o‘tish qonunini qabul qilgan. Jarayonning yakuniy sanasi hozircha aniq emas.
Noroziliklar fonida prezident Rumen Radev referendum o‘tkazish taklifi bilan chiqdi. Ammo parlament bu tashabbusni rad etdi va uni Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyaga to‘siq qo‘yayotganlikda aybladi.





