«Brent» nefti may oyidan buyon ilk bor 100 dollardan oshdi: Sabablar va prognozlar
Yaqin Sharqdagi harbiy keskinlik ortidan neft narxi yana ko‘tarildi. Qatorasiga beshinchi kun qimmatlashayotgan «Brent» markali neft 100 dollardan oshib ketdi. Ekspertlar mintaqadagi muammolar saqlanib qolsa, yil oxiriga borib narxlar 120 dollarga yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

ICE birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, 23-iyul kuni «Brent» markali neftning bir barreli 100,7 dollargacha ko‘tarilib, kotirovkalar 6,3 foizga o‘sdi. «Reuters» agentligining qayd etishicha, ushbu markadagi neft qatorasiga beshinchi kun qimmatlashmoqda.
Bu joriy yilning may oyidan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. O‘shanda Erondagi urush oqibatida yuzaga kelgan energetika inqirozi fonida neft narxi 110 dollardan oshib, eng yuqori cho‘qqisida 111,8 dollarga yetgan edi.
Husiychilar hujumi bozorga ta’sir qildi
«Reuters» nashrining ta’kidlashicha, narxlarning navbatdagi oshishiga Yaman husiychilarining Saudiya Arabistoniga tegishli neft tankerlariga uyushtirgan hujumi sabab bo‘lgan. Bu holat Qizil dengiz va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashishdagi uzilishlarni yanada kuchaytirdi. Husiychilar dengiz qamalini o‘rnatish niyatini e’lon qilgach, Bob-ul-Mandab bo‘g‘ozi orqali Saudiya neftini tashiyotgan kemalarni nishonga olishni boshlagan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 23-iyul kuni husiychilar Saudiyaning ikkita neft tankeriga hujum qilganini ma’lum qilgan. Saudiya Arabistoni Transport bosh boshqarmasidagi rasmiy manba «ENCELIA» kemasi Qizil dengizdan o‘tayotgan vaqtda hujumga uchrab, yonib ketganini tasdiqlagan.
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining «Truth Social» tarmog‘idagi sahifasida mazkur holatga munosabat bildirib, Eronga aloqador Yamandagi husiychilarga qarata, agar kemalarga hujum qilish davom etsa, «keng ko‘lamli harbiy jazo» chorasi ko‘rilishidan ogohlantirdi.
Narx 120 dollardan oshishi mumkin
«Goldman Sachs» prognoziga ko‘ra, agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovidagi uzilishlar 2027 yilgacha saqlanib qolsa, joriy yilning to‘rtinchi choragida «Brent» narxi barreliga 120 dollardan oshishi va kelgusi yilda o‘rtacha 100 dollarni tashkil etishi mumkin. Agar davomli uzilishlar Bob-ul-Mandab bo‘g‘ozi va Suvaysh kanaliga ham ta’sir qilsa, kotirovkalar bundan-da yuqorilashi ehtimoli bor.
Mutaxassislarning aytishicha, Yaqin Sharqda neft qazib olish hajmining kamayishi, yozgi sayohatlar tufayli yoqilg‘iga bo‘lgan mavsumiy talabning ortishi hamda strategik zaxiralardan neft sotishning keskin sekinlashishi oqibatida global zaxiralar qisqarishda davom etadi. Shu sababli, iyul va avgust oylarida neft narxi ko‘tarilish sur’atini saqlab qoladi.
Eron va AQSH o‘rtasidagi urush davom etmoqda
«The Associated Press» nashrining eslatishicha, bir necha hafta muqaddam «Brent» markali neft narxi 72 dollardan ham pastlab, AQSH va Eron o‘rtasidagi urushga qadar bo‘lgan darajaga qaytgan edi.
Nashrga ko‘ra, o‘shanda narxlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozining neft kemalari uchun to‘liq ochilishiga bo‘lgan umidlar fonida pastlagan. Biroq hozirda Eron va AQSH o‘rtasidagi ziddiyat shiddat bilan davom etmoqda.
«Tasnim» agentligi xabariga ko‘ra, 23-iyul kuni Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Ho‘rmuz bo‘g‘ozining janubidagi minalashtirilgan yo‘nalish bo‘ylab o‘tishga uringan uchta tankerdan biri portlab ketganini, qolgan ikkitasi esa ortga qaytganini ma’lum qildi.
Xuddi shu kuni AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) X ijtimoiy tarmog‘ida Eron bo‘ylab tungi zarbalarning 12-to‘lqini yakunlanganini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 22-iyul kuni Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemalarga qilingan har qanday hujumga javoban Erondagi ko‘priklar va elektr stansiyalarini vayron qilishga va’da bergan edi.





