«Bu ahmoqona va mazmunsiz urush» — Lavrov va Rubio Filippinda muzokaralar o‘tkazdi
Uchrashuv 35 daqiqa davom etdi.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Filippinning Manila shahrida ACEAN sammiti doirasida uchrashuv o‘tkazdi. 35 daqiqa davom etgan muzokaralarda asosiy e’tibor Ukrainadagi urushni yakunlash masalasiga qaratildi.
Marko Rubio Rossiya-Ukraina urushini tugatish uchun yangi yondashuvlar kerakligini bildirgan.
«Oldingi takliflar o‘sha vaqtda Ukraina uchun qabul qilib bo‘lmas edi. Menimcha, hozir ham ular uchun qabul qilib bo‘lmaydi. Agar tinchlik o‘rnatilsa, bu qandaydir yangi g‘oyalar va yangi konsepsiyalar tufayli sodir bo‘ladi. Tegishli sharoitlar yaratilsa, biz ularning ba’zilarini taklif qilishga tayyormiz», — dedi AQSH Davlat kotibi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp odamlar halok bo‘lishini to‘xtatishni istaydi.
«U [Tramp] buni ahmoqona va mazmunsiz urush deb hisoblaydi. Va agar biz uni to‘xtatishda o‘z rolimizni o‘ynay olsak, Qo‘shma Shtatlarning kuchi va ta’sirini ishga solamiz», — deya ta’kidladi Rubio.
O‘z navbatida, muzokaralarda Lavrov frontdagi real holat haqida gapirib, bu boradagi Moskva pozitsiyasini ma’lum qilgan.
«Kiyev rejimini qurol-yarog‘ bilan ta’minlashni davom ettirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — deyiladi Rossiya TIV xabarida.
Shuningdek, Lavrov Rossiyaning mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilishga tayyorligini tasdiqlagan.
Ankorij kelishuvlari va hududiy masala
Uchrashuvda Rossiya tomoni AQSH tomonidan Ankorij sammitida ilgari surilgan takliflarga sodiqligini bildirgan. Biroq, Bloomberg xabariga ko‘ra, Rossiya ehtimoliy tinchlik bitimi doirasida bosib olingan hududlarni Ukrainaga qaytarishni rejalashtirmayapti.
«Vladimir Putin Kremlda Ankorijdagi norasmiy kelishuvlar buzilgan deb hisoblangani sababli har qanday hududiy yon berishlardan bosh tortdi», — deya yozadi nashr manbalarga tayanib.
Ma’lumot o‘rnida, bu Lavrov va Rubioning 2025 yildan beri to‘rtinchi marta uchrashishidir. Bungacha ular Ar-Riyod, Kuala-Lumpur va Nyu-Yorkda muzokaralar o‘tkazgan edi.


