Logo

«Bunyodkor» uchun transfer eshiklari yopildi: FIFA Rivaldo ishi bo‘yicha keskin qaror chiqardi

Bugun 20:162 daqiqa

«Bunyodkor» Rivaldo oldidagi qarz yuzasidan navbatdagi to‘lovni amalga oshira olmagani uchun FIFA klubga transfer taqiqini qo‘lladi.

«Bunyodkor» uchun transfer eshiklari yopildi: FIFA Rivaldo ishi bo‘yicha keskin qaror chiqardi © Foto: FCBunyodkor.com

Rivaldo bilan hisob-kitob qilinmagunicha «Bunyodkor» yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi. Bu haqda FIFA 23-iyun kuni qaror qabul qildi. Assotsiatsiya 2-iyul kuni mazkur taqiq haqida Ligani rasman ogohlantirdi.

Avvalroq «Bunyodkor» braziliyalik sobiq futbolchisi oldida yuzaga kelgan qarzdorlikni rasman tan olgan bo‘lib, keyinchalik uni besh yil davomida bosqichma-bosqich to‘lab borish yuzasidan Rivaldo bilan kelishuvga erishgan.

Qayd etilishicha, 2024 va 2025 yilgi mavsumlar davomida klub besh yillik kelishuv doirasidagi majburiyatlarini bajargan. Biroq 2026 yilga kelib, klub ta’sischisi va bosh homiysi hisoblangan «O‘zbekneftgaz» AJ «Bunyodkor» futbol klubini moliyalashtirishni to‘xtatgach, klub joriy yilning may oyiga qadar amalga oshirilishi kerak bo‘lgan qarzdorlikning navbatdagi to‘lovini bajara olmagan.

Taqiq nimani anglatadi?

To‘lov kechikkanidan so‘ng Rivaldo FIFAga qayta shikoyat kiritgan. Qo‘shimchasiga, «Bunyodkor» bilan tuzilgan besh yillik kelishuv shartlari va unda nazarda tutilgan chegirmalar ham bekor qilingan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda yozgi transfer oynasi 10-avgustga qadar davom etadi. Endi «Bunyodkor» yangi futbolchilarni Liga ro‘yxatidan o‘tkaza olmaydi. Klub mavjud futbolchilar bilan mavsumni yakunlashi, shuningdek, taqiq kuchga kirguniga qadar «Bunyodkor» akademiyasi tarbiyalanuvchisi sifatida FIFA ro‘yxatida mavjud bo‘lgan yosh futbolchilarnigina keyinchalik o‘z qaydnomasiga qo‘shishi mumkin bo‘ladi.

Joriy yilning 23-iyun sanasidan keyin «Bunyodkor» futbol akademiyasiga qabul qilingan yosh futbolchilar ham mazkur taqiq doirasida klub uchun ro‘yxatdan o‘ta olmaydi.

Avvalroq «Bunyodkor» klubi Rivaldoga 11,16 mln yevro to‘lashi belgilangan edi. Keyinchalik tomonlar kelishuvga erishib, qarz miqdori 7,5 mln yevroga tushirildi. Klub ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil uchun belgilangan to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish imkoni bo‘lmagan.

Teglar

Mavzuga oid