Dam olish kunlari ob-havo sezilarli darajada salqinlashadi
Juma kuni O‘zbekistonning ayrim hududlarida havo 43 darajagacha ko‘tariladi. Shanba kunidan boshlab esa harorat pasayishi kutilmoqda.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zgidromet dam olish kunlari O‘zbekiston bo‘ylab kuzatiladigan ob-havo ma’lumotlarini e’lon qildi.
Juma kuni kunduzi mamlakat bo‘yicha havo harorati +36...+39 daraja, janubda ba’zi joylarda +41...+43 darajagacha bo‘lgan issiq ob-havo saqlanib turadi.
Respublika hududining katta qismida havo kam bulutli bo‘ladi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasida kunning ikkinchi yarmida ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Dam olish kunlari respublika bo‘yicha havo biroz bulutli bo‘lishi kutilmoqda, harorat kechalari +18...+21 darajagacha, kunduz kunlari +32...+35 darajagacha, janubda +37...+40 darajagacha pasayadi.
Ko‘pchilik viloyatlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi, faqat Farg‘ona vodiysida 22-avgust – shanba kuni ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Shamol sekundiga 7-12 metr tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13-18 metrgacha kuchayadi, 22-avgustda respublika janubida sekundiga 22-25 metrgacha kuchayishi mumkin. Respublikaning ayrim joylarida shamolning kuchayishi chang-to‘zonlar bilan qayd etiladi.
Toshkent shahrida havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan sekundiga 3-8 metr tezlikda esadi, 10-12 metrgacha kuchayishi, shaharning ayrim joylarida chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Havo harorati bugun kunduzi +36...+38 daraja, dam olish kunlari +32...+35 daraja bo‘ladi. Harorat asosan kechalari +18...+21 daraja bo‘ladi.





