add

Dorixonalarda spirt o‘rniga loson taklif etilgani aniqlandi

Bugun 10:382 daqiqa

«Sirli mijoz» tadbiri davomida 20 dan ortiq dorixona tekshirilib, 25 foizida tibbiy spirt o‘rniga loson berilgani ma’lum bo‘ldi.

Dorixonalarda spirt o‘rniga loson taklif etilgani aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan «Sirli mijoz» tadbiri doirasida dorixonalarda tibbiy spirt mahsulotlarining sotilishi holati o‘rganildi. Tekshiruv fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida tashkil etildi va unda spirt so‘ralganda loson taklif etilayotgani haqidagi shikoyatlar tekshirildi.

O‘rganishlar davomida 20 dan ortiq dorixona qamrab olindi. Natijalarga ko‘ra, taxminan har to‘rtinchi dorixonada, ya’ni 25 foiz holatda spirt so‘ralganda uning o‘rniga loson berilgani ma’lum bo‘ldi. Bu esa iste’molchilarni chalg‘itish va noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etish holatlari mavjudligini ko‘rsatadi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, dori vositalarini ishlab chiqarish va tarqatishda GDP sertifikatlari joriy etilgan, sifat nazorati kuchaytirilgan bir paytda ayrim ishlab chiqaruvchilar spirt uchun litsenziya olmagan. Natijada ular tibbiy spirt o‘rniga loson ishlab chiqarishga o‘tgan va bu haqda iste’molchilarga yetarlicha axborot berilmagan.

Ma’lumki, 70 foizli tibbiy spirt sog‘liqni saqlash sohasida muhim ahamiyatga ega. U in’eksiya oldidan teriga ishlov berish, tibbiy asbob-uskunalarni sterilizatsiya qilish, yaralarni davolash va jarrohlik amaliyotlarida qo‘llaniladi. Loson esa kosmetik mahsulot bo‘lib, tarkibida spirt miqdori past va u tibbiy maqsadlar uchun mo‘ljallanmagan.

Mutaxassislar spirt o‘rniga loson qo‘llash kutilgan natijani bermasligi, ayrim holatlarda esa iste’molchilar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Shu bois, bunday amaliyotlar qonunchilik talablariga zid hisoblanadi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga tegishli xat yuborildi. Qo‘mita dorixonalarni iste’molchilarga aniq va tushunarli ma’lumot taqdim etish qonunchilik talab ekanini yana bir bor eslatdi.

Teglar

Mavzuga oid