Dunyodagi murakkab vaziyatga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyoti yarim yillikda 8,5 foizga o‘sdi — Shavkat Mirziyoyev
Dunyodagi murakkab vaziyatga qaramay, joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
© Prezident matbuot xizmatiPrezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotda iqtisodiyotdagi asosiy ko‘rsatkichlar va islohotlar samarasiga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, davlat rahbarining ta’kidlashicha, dunyodagi murakkab vaziyatga qaramay, joriy yilning birinchi yarim yilligida mamlakat iqtisodiyoti 8,5 foizlik o‘sishni qayd etdi. Prezident ushbu ko‘rsatkich xalqaro moliya institutlari tomonidan ham munosib baholanayotganini bildirdi.
«Xususan, «Fitch» va «Mudis» agentliklari O‘zbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘onaga yaxshilagan bo‘lsa, Jahon bankining investitsiya va ishbilarmonlik muhiti bo‘yicha hisobotida mamlakatimiz 31-o‘rinni egalladi. Bu natijalar, eng avvalo, tadbirkorlar bilan yelkama-yelka olib borilayotgan izchil islohotlar mevasi», — dedi Mirziyoyev.
Davlat rahbari o‘z nutqida, shuningdek, biznesni qo‘llab-quvvatlash va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun tashqi bozorlarni kengaytirish borasida erishilgan amaliy natijalarni ham keltirib o‘tdi.
Unda qayd etilishicha, «Milliy sanoat zanjiri» orqali xususiy korxonalar yirik davlat kompaniyalaridan 4 trillion so‘mlik buyurtma olgan, mahalliylashtirish uchun e’lon qilingan 650 dan ortiq yangi mahsulot turi esa tadbirkorlar uchun qo‘shimcha 1 milliard dollarlik bozor imkoniyatini yaratdi.
«Shuningdek, QQSga o‘tish chegarasi 5 milliard so‘mga oshirildi, kafe va restoranlarga 100 milliard so‘m QQS «keshbek» sifatida qaytarildi hamda qishloq xo‘jaligiga «nol» stavka qo‘llanishi hisobiga 400 milliard so‘m fermerlar ixtiyorida qoldi. Bunga qo‘shimcha ravishda, Qozog‘istonda 11 turdagi qurilish materiallari importi cheklovi bekor qilindi, Turkmaniston bilan bojsiz savdo yo‘lga qo‘yildi hamda Iordaniya, Pokiston, Eron va Afg‘oniston bilan imtiyozli savdo bitimlari tuzildi», — dedi davlat rahbari.





