Dunyoning 113 davlati ta’limdan ko‘ra qarzdan qutilishga ko‘proq mablag‘ sarflamoqda — UNESCO
Bugungi kunda dunyo davlatlarining katta qismi o‘z kelajagi bo‘lgan maorifdan ko‘ra, tashqi qarz to‘lovlariga ko‘proq pul sarflashga majbur bo‘lmoqda.

UNESCO hukumatlar va xalqaro kreditorlarni ta’lim sohasidagi moliyaviy inqirozni hal qilish uchun davlat qarzini ta’lim loyihalariga almashtirish (debt-for-education swaps) amaliyotini kengaytirishga chaqirmoqda. Bu haqda tashkilotning Parijda bo‘lib o‘tgan ta’lim bo‘yicha global sammitida ma’lum qilindi.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyoning 113 ta davlati (ularda 6,1 milliard aholi yashaydi) ta’lim tizimidan ko‘ra o‘z davlat qarzlariga xizmat ko‘rsatish uchun ko‘proq mablag‘ sarflamoqda. Kam daromadli mamlakatlarda qarz to‘lovlari ta’lim xarajatlaridan qariyb to‘rt barobar ko‘pni tashkil qilsa, eng ko‘p qarzdor 18 ta davlatda bu ko‘rsatkich ta’lim budjetidan kamida besh barobarga oshib ketgan.
UNESCO Bosh direktori Xolid Al-Ananiy ta’lim eng kuchli sarmoya bo‘lishiga qaramay, tizimli ravishda moliyalashtirilmayotganini ta’kidlab, innovatsion moliyalashtirish vositalarini kengaytirishga chaqirdi.
«Qarz o‘rniga ta’lim» mexanizmi davlatlarga qimmat qarzlarni qayta moliyalashtirish va bundan tejalgan mablag‘larni maktablar qurish, o‘qituvchilarni tayyorlash hamda o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish imkonini beradi.
Masalan, 2023 yilda Fransiya va Kot-d'Ivuar o‘rtasidagi shunday kelishuv doirasida 30 dan ortiq maktab qurilishi moliyalashtirilgan bo‘lsa, Ispaniya va Peru o‘rtasidagi dastur o‘n yil ichida 50 ta ta’lim loyihasini amalga oshirishga yordam bergan.
Ta’lim uchun xalqaro yordamning keskin qisqarishi
UNESCO 2023 yildan 2027 yilgacha ta’lim uchun ajratiladigan global yordam hajmi 30 foizgacha qisqarishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
2024 yilda ta’lim uchun xalqaro yordam o‘tgan yilga nisbatan 8 foizga, asosiy ta’limni moliyalashtirish esa 15 foizga kamaygan.
Xususan, Afg‘oniston, Liberiya, Mali va Niger kabi davlatlarda bu pasayish 40 foizdan oshgan. Ta’limning jami rivojlanish yordamidagi ulushi 7,5 foizga tushib, so‘nggi 20 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, kam va o‘rtacha daromadli mamlakatlar har yili ta’lim sohasida 97 milliard dollarlik moliyaviy taqchillikka duch kelmoqda.





