
Eng ko‘p maosh oladiganlar, «zapravka»da portlaganlar va oshkor qilingan radar manzillari — 16 iyul dayjesti
16.07.2025 | 22:0028758
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Qashqadaryoda «zapravka» portladi — to‘rt kishi halok bo‘ldi
Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida joylashgan gaz to‘ldirish shoxobchasida 16 iyul kuni sodir bo‘lgan portlash va undan keyin kelib chiqqan yong‘in 4 nafar fuqaroning hayotiga zomin bo‘ldi. Hodisa Oltindala mahallasidagi yoqilg‘i saqlash rezervuarida yuz bergan. Soat 14:40 da FVVga xabar berilgan va 5 daqiqadan so‘ng 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 15:35 da to‘liq bartaraf etilgan.
Favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, prokuratura va boshqa idoralar mutasaddilari voqea joyida ish olib borgan. Shuningdek, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazidan mutaxassislar jalb etilgan. Hozirda halok bo‘lganlarning shaxsi va portlash sabablari o‘rganilmoqda.
«+45 darajali jazirama» – Qoraqalpog‘istonda bog‘chalar yopildi
Qoraqalpog‘istondagi Taxiatosh, Xo‘jayli va Qorao‘zak tumanlarida haroratning keskin oshishi sababli davlat bog‘chalari vaqtinchalik yopildi. Sinoptiklar 16–18 iyul kunlari +45 darajagacha bo‘lgan issiqni bashorat qilmoqda, shuning uchun bolalar salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu choralar ko‘rildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bog‘chalarning faoliyatini to‘xtatish haqidagi qaror tuman hokimlari tomonidan imzolangan. Qaror sanitariya qoidalariga amal qilish va issiqning salbiy ta’sirini kamaytirishni ko‘zlaydi.
«See Breeze bo‘yicha hali ekspertiza xulosasi olinmagan» – Davlat ekologik ekspertiza markazi
Chorvoq suv ombori sohilida qurilishi rejalangan va jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘layotgan Sea Breeze kurort loyihasi bo‘yicha hali Davlat ekologik ekspertizasi xulosasi olinmagan. Bu haqda Vaqt.uz muxbiri savoliga javoban Davlat ekologik ekspertiza markazi Axborot xizmati rahbari Shahzoda Akramova ma’lum qildi.
«Bugun Sea Breeze loyihasi chindan ham OAVda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Agar bu masalada Ekologiya vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markaziga ekologik xulosalarni olish bo‘yicha murojaat qilinsa, biz albatta loyihani ko‘rib chiqamiz. Shundan keyingina mutaxassislarimiz loyiha bo‘yicha o‘z xulosalarini berishadi», – dedi Sh.Akramova.
O‘zbekiston bo‘ylab 1800 dan ortiq radar joylashgan manzillar e’lon qilindi
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari respublika bo‘yicha o‘rnatilgan foto va video radarlar joylashgan aniq manzillar, ular qayd etadigan qoidabuzarliklar turlari bo‘yicha to‘liq ma’lumotni oshkor qildi. Bu ochiqlik haydovchilarning yondashuvini o‘zgartirishi mumkin.
Ma’lumotga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha 1800 dan ortiq bunday qurilma joylashtirilgan. Ular turli hududlardagi asosiy yo‘l va chorrahalarda o‘rnatilgan bo‘lib, harakat tezligi, yo‘l belgilariga rioya qilmaslik, piyoda o‘tish joylaridagi qoidalarni buzish, yo‘lning qarshi yo‘nalishiga chiqish kabi qoidabuzarliklarni qayd etadi.
Ro‘yxat bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.
O‘zbekistonda qaysi kasb vakillari eng ko‘p maosh olmoqda?
O‘zbekistonda 2024 yil yakuniga ko‘ra, o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln 357 ming so‘mni tashkil etdi. Eng yuqori maosh oluvchilar qatoriga dasturchilar (o‘rtacha 17,6 mln so‘m), moliyaviy xizmatlar xodimlari (16 mln so‘m) va bank-sug‘urta sohalari (14,4 mln so‘m) kiradi. Shu bilan birga, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ovqatlanish kabi sohalarda ish haqi ancha past — masalan, maktabgacha ta’limda o‘rtacha 1,8 mln so‘m. 2025 yilda bu sohalarda maosh oshirilishi rejalashtirilgan.
Hududlar kesimida Toshkent shahri eng yuqori o‘rtacha maosh (9,88 mln so‘m) bo‘yicha yetakchi, undan keyin Navoiy (7,33 mln so‘m) va Toshkent viloyati (5,43 mln so‘m) joy olgan. Eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida — 4,07 mln so‘m. Statistik ma’lumotlar mamlakatdagi kasbiy va hududiy maoshlar o‘rtasidagi katta tafovutni ko‘rsatmoqda.





