
Eron, AQSH va Isroil do‘st bo‘ladi: Shahzoda Eron kelajagiga oid bayonot e’lon qildi
Eronning quvg‘indagi shahzodasi Rizo Pahlaviy xalqaro hamjamiyatni Eron xalqini qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.

Eronda hokimiyat o‘zgargan taqdirda mamlakat tashqi siyosati va xavfsizlik strategiyasi tubdan yangilanadi. Bu haqda Eronning quvg‘indagi valiahd shahzoda Rizo Pahlaviy X ijtimoiy tarmog‘idagi murojaatida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, yangi Eron harbiy yadroviy dasturni to‘xtatadi, mintaqadagi keskinlikni yumshatishga harakat qiladi va xalqaro hamkorlikka ochiq bo‘ladi.
Pahlaviy hozirgi hokimiyat davrida Eronning xalqaro qiyofasi terrorizm, ekstremizm va iqtisodiy qashshoqlik bilan bog‘lanib qolganini aytdi. Uning fikricha, «ozod Eron» aksincha, barqarorlikni ta’minlovchi va mas’uliyatli hamkor sifatida qabul qilinadi.
Xavfsizlik siyosati doirasida Pahlaviy Eronning harbiy yadroviy dasturi to‘liq to‘xtatilishini va turli qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechilishini va’da qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi hokimiyat terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik hamda ekstremizmga qarshi kurashda mintaqaviy va global sheriklar bilan hamkorlik qiladi.
Tashqi siyosatda esa Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan munosabatlarni normallashtirish muhim maqsad sifatida qayd etildi. Pahlaviy, shuningdek, Isroil davlatini rasman tan olishni va mavjud mintaqaviy kelishuvlarni kengaytirishni rejalashtirayotganini bildirdi.
Iqtisodiy sohada Pahlaviy Eronni dunyodagi eng yirik o‘zlashtirilmagan bozorlardan biri deb atadi. U mamlakat savdo, investitsiya va innovatsiyalar uchun ochiq bo‘lishini, shuningdek, ishonchli global energiya yetkazib beruvchiga aylanishini aytdi.
Shahzoda xalqaro hamjamiyatni Eron xalqini qo‘llab-quvvatlashga chaqirib, ozod Eron tinchlik, farovonlik va hamkorlik manbaiga aylanishini ta’kidladi.





