
Eron namoyishlarida qurbonlar soni 30 mingga yaqinlashdi — OAV
Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi OAVga bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Erondagi norozilik namoyishlari davomida halok bo‘lganlar soni rasmiy ma’lumotlardan bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin.

Eronda bo‘lib o‘tgan ommaviy norozilik namoyishlari vaqtida 30 mingga yaqin odam halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligida ishlovchi yuqori lavozimli manbalarga tayanib, «Time» jurnali xabar qildi. Nashrga ko‘ra, mazkur raqamlar rasmiy statistikadan ancha yuqori bo‘lib, voqealarning haqiqiy ko‘lamini aks ettirishi mumkin.
Jurnalistlar bilan suhbatda vazirlikning ikki nafar mas’ul xodimi anonimlik sharti bilan namoyishlar paytida tibbiy va favqulodda xizmatlar katta yuklama ostida qolganini aytgan. Manbalarga ko‘ra, qurbonlar soni shunchalik ko‘p bo‘lganki, jasadlar uchun mo‘ljallangan maxsus xaltalar yetishmagan, ba’zi hollarda esa tez yordam mashinalari o‘rniga tirkamali texnikalar qo‘llangan.
Nashr ta’kidlashicha, keltirilgan raqamlar mustaqil manbalar orqali to‘liq tasdiqlanmagan. Biroq hisob-kitoblar shifokorlar va favqulodda xizmatlar tomonidan yig‘ilgan ma’lumotlarga yaqin ekani qayd etilmoqda.
Rasmiy raqamlar
Eron rasmiylari 23-yanvar kuni e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishlar oqibatida 3117 kishi halok bo‘lgan. Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi aytishicha, ular orasida 2427 nafar tinch aholi va xavfsizlik xodimlari, shuningdek 690 nafar «terrorchi» bor.
Shu bilan birga, «Time» bilan suhbatlashgan shifokor Amir Parastaning bildirishicha, u tayyorlagan hisobotlarda harbiy shifoxonalar morglari hamda hisob yuritilmagan hududlardagi qurbonlar to‘liq inobatga olinmagan. Uning fikricha, real halok bo‘lganlar soni bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
Nima sababdan raqamlar ikki hil?
AQSHda joylashgan «Human Rights Activists News Agency» 24-yanvar holatiga ko‘ra, namoyishlar paytida 5459 kishining o‘limi tasdiqlanganini ma’lum qilgan. Yana 17 mingdan ortiq holat tekshirilmoqda. Internet va mobil aloqaning o‘chirilishi aniq hisob yuritishni qiyinlashtirgan.
Norozilik namoyishlariga mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyat sabab bo‘lgan. Eron rasmiylari tartibsizliklarda AQSH va Isroilni ayblagan. AQSH prezidenti Donald Tramp avval Eronga bosim o‘tkazish bilan tahdid qilgan, keyinroq ittifoqchilar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng bu pozitsiyasini yumshatgan.





