Logo

Erondagi urush ssenariysini to‘g‘ri aytgan professor: «AQSH tuzoqqa tushdi»

Bugun 09:004 daqiqa

Chikago universiteti professori Robert Peypning ta’kidlashicha, Tehron mintaqaviy hukmronlikka intilmoqda.

Erondagi urush ssenariysini to‘g‘ri aytgan professor: «AQSH tuzoqqa tushdi»

Chikago universiteti professori va milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yetakchi ekspert Robert Peyp Eron bilan mojaroning oqibatini u boshlanishidan oldinroq to‘g‘ri bashorat qilgan sanoqli mutaxassislardan biri bo‘ldi.

O‘z chiqishlarida u Tramp ma’muriyatini faqat havo hujumlari orqali g‘alaba qozonish g‘oyasidan voz kechishga qat’iy chaqirib, mamlakatdagi hokimiyatni faqatgina aviatsiya kuchlari bilan o‘zgartirib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi.

Ekspert bir necha bor «Trampning maqsadi — Eron rejimini faqat havodan beriladigan zarbalar orqali ag‘darib tashlash — muvaffaqiyatsizlikka mahkum», deya ogohlantirgandi.

Keyinchalik, urushning dastlabki haftalarida, Tehrondagi teokratik tuzum AQSH va Isroilning keng ko‘lamli havo zarbalariga muvaffaqiyatli bardosh berayotgani ma’lum bo‘lgach, Peyp bu mojaro Tramp uchun «ikkinchi Viyetnam»ga aylanib qolish xavfi borligini bildirdi.

1

«Men Birinchi jahon urushidan beri o‘tkazilgan har bir havo kampaniyasini o‘rganib chiqdim. Shu yuz yildan ortiq vaqt mobaynida faqatgina aviatsiyaning o‘zi — quruqlikdagi kuchlarning ko‘magisiz — biror marta ham hukmron tuzumni ag‘darishga olib kelmagan. Hatto mahalliy demokratik harakatlar havodan qo‘llab-quvvatlangan holatlarda ham bu ish bermagan.

Bu oddiy fugas bombalari davrida ham, o‘ta aniq zarba beruvchi «aqlli» qurollar davrida ham hech qanday natija keltirmagan. Biz turli usullarni sinab ko‘rdik, ulkan hajmdagi razvedka ma’lumotlarini ishga soldik, ammo bundan naf chiqmadi. Pirovardida esa biz yangi avlod yetakchilariga duch kelamiz — ular Amerikaga qarshi yanada ashaddiyroq kayfiyatda, yanada xavfli hamda bundan-da katta yo‘qotishlar va qurbonliklarga tayyor bo‘ladi», — dedi professor «MC Now» telekanaliga bergan intervyusida.

Urushning 100 kuni: sulhning barbod bo‘lishi va yangi o‘yin qoidalari

Yaqinda Robert Peyp yana ushbu mavzuga qaytdi. «Newsmax» telekanali efirida u AQSH va Eron o‘rtasidagi mo‘rt sulh tezkorlik bilan barbod bo‘layotganidan ogohlantirdi, chunki Tehron yanada kattaroq strategiyaga o‘tmoqda va Fors ko‘rfazida hukmronlik qilishga intilmoqda. Isroil va Eron o‘rtasidagi so‘nggi keskinlashuvni tahlil qilar ekan, ekspert vaziyat hamon o‘ta beqaror qolayotganini ta’kidladi.

«Avvalo, shuni qayd etish lozim: bugun urushning yuzinchi kuni. Va biz sulhning sekin-asta darz ketayotganini ko‘rib turibmiz», — deya qayd etdi Peyp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu 100 kunlikning asosiy xulosasi harbiy operatsiyaning o‘zi emas, balki u Tehronning geosiyosiy maqsadlari qanday o‘zgarganini yaqqol ko‘rsatib berganidadir.

«Yuz kun o‘tib yuz bergan eng katta kutilmagan holat — bu Eron ambitsiyalarining keskin o‘sishidir. Qadam-baqadam biz Tehronning ustuvor maqsadlari shunchaki o‘z tuzumini saqlab qolishdan Fors ko‘rfazi hududi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish tomon o‘zgarayotganini kuzatyapmiz», — deydi Peyp.

Professorning тaъкидлaшичa, Eronning Isroilga nisbatan tajovuzkor ritorikasi va AQSH manfaatlariga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakatlari uzoq muddatli strategiyadan dalolat bermoqda. Bunga misol tariqasida u Eronning Bahrayn va Kuvaytdagi Amerika harbiy obyektlariga, shuningdek, Kuvayt xalqaro aeroportiga yaqinda bergan zarbalarini keltirib o‘tdi. Bu shuni ko‘rsatadiki, Tehron shunchaki «mutanosib javob qaytarish» konsepsiyasidan voz kechib, radikal keskinlashuv yo‘lini tanlagan.

«Raqib harakatlariga munosabat bildirishda Eron prinsipial jihatdan yangi darajaga ko‘tarildi. Bu endi shunchaki mutanosib javob emas», — deya qo‘shimcha qiladi ekspert.

Tehron ultimatumi va AQSH uchun tuzoq

Peyp, shuningdek, Eron oliy rahnamosining harbiy maslahatchisi Muhsin Rizoiyning yaqinda qilgan bayonotini ham eslatib o‘tdi. Rizoiy vaziyatni bundan-da og‘irlashtirish bilan tahdid qilib, Vashingtondan tovon to‘lashni ochiqchasiga talab qilgan edi.

«Ortga chekinish va muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini namoyish etish o‘rniga, Rizoiy yangi talablar paketini ilgari surdi. U Eronga 24 milliard dollar to‘lanishini talab qildi va Tehron mojaro ko‘lamini kengaytirish variantini ko‘rib chiqayotganidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ogohlantirdi», — dedi Peyp.

2

Tahlilchining fikricha, Eron endi faqat mudofaa taktikasi va mavjud tuzumni saqlab qolish bilan cheklanmoqchi emas:

«Biz eskalatsiya tuzog‘iga tushib qoldik. Eron nafaqat mavjud qoidalar asosida o‘ynashni istamayapti, balki u bu qoidalarni tubdan o‘zgartirmoqda».

Chikago universiteti professorining xulosasiga ko‘ra, Tehron ham bayonotlar darajasida, ham real jangovar harakatlar maydonida Fors ko‘rfazi davlatlari ustidan o‘z hukmronligini o‘rnatish niyatida ekanini yaqqol namoyish etmoqda.

Ushbu intervyudan biroz oldin Robert Peyp o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida vaziyatning qisqa, ammo teran tahlilini e’lon qilgan edi:

«Eron rahnamosining maslahatchisi Muhsin Rizoiyning CNN telekanaliga bergan intervyusini hamma ko‘rdi. U maqsadini o‘ta aniq bayon qildi: Eron 24 milliard dollar miqdoridagi «avans» talab qilmoqda, shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq nazoratga olgan holda, u yerdan o‘tish uchun haq undirishni rejalashtirmoqda.

Eron — bu Trampning Viyetnami. AQSH prezidenti keskin tanlov oldida turibdi: taslim bo‘lish yoki nazorat qilib bo‘lmaydigan keskinlashuv». 

Teglar

Mavzuga oid

Erondagi urush ssenariysini to‘g‘ri aytgan professor: «AQSH tuzoqqa tushdi» | Vaqt.uz