Farmatsevtika 30 foizga o‘sdi, lekin dorilar nega arzonlashmayapti?
Mahalliy dori vositalarini ishlab chiqarilishi va eksporti o‘sib borayotganiga qaramay, bu dorixonalardagi narxlarda sezilmayapti. Vaqt.uz mahalliy dori bozoridagi o‘sish omillari va narxlarga ta’sir qilayotgan sabablarni o‘rgandi.
© yandexmapsStatistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi 4 oyida yirik korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlari hajmi 1,9 trillion so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30 foizga ko‘p degani.
Xususan, o‘tgan 9 yil davomida O‘zbekistonga farmatsevtika tarmog‘iga 1 milliard 800 million dollar investitsiya kiritilib, 140 ta farmatsevtika mahsulotini ishlab chiqarish joylari ishga tushirilgan edi. Bugungi kunda mamlakatimizda umumiy 300 dan ortiq farmatsevtika korxonasi bo‘lib, ularning 58 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri dori vositalari ishlab chiqaradi.
Natijada farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 3,5 barobar o‘sib, 7 trillion 300 milliard so‘mdan oshdi. Mahalliy dori vositalarini ishlab chiqarish esa 2 karraga ko‘paydi. Bu esa tarmoqdagi imkoniyatlar kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Biroq bu o‘sish tasodif emas, balki bir nechta tizimli omillar bilan izohlanadi.
Farmatsevtika sanoati nimani hisobiga o‘smoqda?
Avvalo, tarmoqda yirik ishlab chiqaruvchilar ulushining ortishi muhim omil hisoblanadi. Ya’ni kichik korxonalar o‘rnini zamonaviy va yuqori quvvatli zavodlar egallayotgani natijasida ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshmoqda.
Ma’lumki, GMP standartlarining bosqichma-bosqich joriy etilishi ham farmatsevtika tarmog‘ini kengaytirmoqda. Bu tizim dori vositalarini ishlab chiqarish jarayonida sifat, xavfsizlik va nazoratni qat’iy talab qiladi.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunda O‘zbekistonda 58 ta dori ishlab chiqaruvchi korxona milliy GMP sertifikatiga ega.
Xususan, 1-iyundan boshlab mahalliy korxonalarning YevroGMP sertifikatini olish xarajatlarining 50 foizi Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan qoplab berilishi belgilangan edi. Bu esa qimmatroq tashqi bozorlarga chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Shu o‘rinda, GMP talablarini joriy etish ham katta mablag‘ va zamonaviy texnologiyalarni talab qiladi. Shu sabab kichik ishlab chiqaruvchilar yirik korxonalar bilan raqobatlashishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Natijada bozorda yirik korxonalar ulushi ortib, ishlab chiqarish hajmi ham asta-sekin oshib boryapti.
Hududlar kesimida farmatsevtika sanoati

Jadval Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
Farmatsevtika mahsulotini ishlab chiqarilishi hududlar kesimida bir xil taqsimlanmagan. Masalan, eng yuqori ulush Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Bu yerda ishlab chiqarish hajmi 1,2 trln so‘mni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich farmatsevtika sanoatining asosiy qismi poytaxtda joylashganini ko‘rsatadi.
Sirdaryo viloyatida esa ishlab chiqarish hajmi 261,5 mlrd so‘mga yetgan. Keyingi o‘rinlardan Toshkent, Namangan va Samarqand viloyatlari joy olgan. Ularning ishlab chiqarish hajmi mos ravishda 123,5 mlrd, 106,2 mlrd va 78,4 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Bu hududlar o‘rta darajada faol.
Qolgan viloyatlarda ko‘rsatkichlar pastroq. Ularda ishlab chiqarish hajmi 1,9 mlrddan 40,3 mlrdgacha shakllangan. Bu esa farmatsevtika sanoatining hududiy rivojlanishida nomutanosiblik mavjudligini ko‘rsatadi.
Mahalliy dorilarning asosiy xaridorlari qaysi davlatlar?
O‘zbekistonda eksport geografiyasi kengayib borayotgan bo‘lsa-da, asosiy yo‘nalishlar yaqin qo‘shni davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlari 55 ta davlat bozoriga yetkazilmoqda. O‘tgan yili Qirg‘iz Respublikasiga 3,4 mln dollarlik farmatsevtika mahsulotlari eksport qilingan. Keyinggi o‘rinlarda esa Qozog‘iston, Afg‘oniston, Turkmaniston va Tojikiston davlatlari turadi. Ularning eksport hajmi 1-2,1 mln dollarni tashkil qiladi. Shuningdek, MDH davlatlari ichida Rossiya ham muhim eksport bozori hisoblanadi.
Bundan tashqari, o‘tgan yili O‘zbekiston Xitoyga dori xomashyosini eksport qilish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri bo‘ldi. Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonining «Xorgos» nazorat-o‘tkazish punkti orqali mamlakatga an’anaviy xitoy tibbiyoti uchun 3 ming tonna xomashyo yetkazilgan.
Ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyodagi qizilmiya ildizi Xitoy farmatsevtika kompaniyalari orasida mashhur. 2025 yil boshidan buyon logistika kompaniyalaridan biri ushbu xomashyodan 950 tonnadan ortiq import qilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida qizilmiya kabi qimmatbaho dorivor o‘simliklar tabiiy ravishda o‘sadi. Bu o‘simlik tibbiyotda keng qo‘llanilib, ko‘plab davlatlar tomonidan import qilinadi.
Shu imkoniyatdan foydalanish, eksport hajmini oshirish maqsadida, 1-apreldan boshlab farmatsevtika vositalarini ishlab chiqarish, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha yangi loyihalar uch yil muddatga yer solig‘idan ozod qilinadigan bo‘ldi. Loyiha ishga tushganidan so‘ng uch yil davomida foyda va mol-mulk solig‘i ham undirilmasligi belgilangan.
Dorixonalarda narxlar nega arzonlamayapti?
Mahalliy ishlab chiqarish hajmi oshayotganiga qaramay, dorixonalardagi narxlar pasaymayapti. Buning asosiy sabablaridan biri esa farmatsevtika tarmog‘ida import xomashyoning ulushi yuqoriligidir. Ma’lumotlarga ko‘ra, dori vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan substansiyalar va boshqa xomashyoning katta qismi Xitoy va Hindistondan import qilinadi. Import qilinayotgan dori vositalarining qariyb yarmi 34 ta xorijiy ishlab chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bunda xalqaro bozorlarda xomashyo narxlarining o‘zgarishi yoki valuta kursidagi tebranishlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xarajatlariga bevosita ta’sir qiladi. Natijada ishlab chiqarish hajmi oshgan taqdirda ham dorixonalardagi narxlar kutilgan darajada pasaymasligi mumkin.
Biroq dori vositalari narxining arzonlamayotganini faqat import xomashyosiga qaramlik bilan izohlash to‘liq manzarani ochib bermaydi. Uz “Pharm Blog” ma’lumotlariga ko‘ra, dorixonalarda dori narxlarining shakllanishini bir qancha sabablari ko‘rsatilgan.
Birinchidan, import bosqichida raqobatning cheklangani narxga bevosita ta’sir qiladi. Ya’ni xorijdan dori import qilish huquqi va imkoniyati hammaga ham berilmagan, bu bozorda sanoqli yirik firmalargina asosiy o‘yinchi hisoblanadi. Natijada importyorlar ulgurji bozorga qanday narxni belgilab bersa, chakana savdodagi narx ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri shunga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Ta’kidlanishicha, bozordagi yana bir muammo yirik farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib beruvchi kompaniyalarining mahsulot tarqatishdagi yondashuvidir. Bugungi kunda ko‘plab farmatsevtika kompaniyalarining o‘zlariga tegishli bo‘lgan dorixona tarmoqlari bor. Ular o‘z tarmoqlariga farmatsevtika mahsulotlarini ancha arzon va imtiyozli narxlarda yetkazib berishadi. Mustaqil, kichik dorixonalarda esa xuddi shu tovar qimmatroq narxda yetkaziladi. Oqibatda aholiga dorixonadagi mahsulotlar narxi qimmatroq ko‘rinadi, aslida ham shunday. Bunday nosog‘lom raqobat muhiti uzoq davom etsa, kichik dorixonalar bozordan asta-sekinlik bilan chiqib ketishi mumkin.
Bundan tashqari, dori vositalarining yakuniy narxiga dorixonalarning operatsion xarajatlari ham ta’sir ko‘rsatadi. Ijara to‘lovlari, xodimlar maoshi, kommunal xizmatlar, soliqlar va boshqa xarajatlar dorixonalar tomonidan ustama narx hisobidan qoplanadi.
Shu bilan birga, yirik dorixona tarmoqlari mahsulotlarni katta hajmda xarid qilishi tufayli arzonroq narxlarda taklif qilish imkoniyatiga ega. Kichik dorixonalarda esa xarid hajmi cheklangani uchun bu imkoniyat kamroq.
Bozorda talab yuqori bo‘lgan, ayniqsa retseptsiz sotiladigan dori vositalarida ustama darajasi nisbatan yuqoriroq bo‘lishi ham kuzatiladi. Bu holat dorixonalarning o‘z xarajatlarini qoplash va faoliyatini barqaror yuritish ehtiyoji bilan izohlanadi. Shuning uchun ham dorixonalardagi narxlar bir- biridan farq qiladi.
Umuman olganda, O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatida ishlab chiqarish va eksport barqaror o‘sib bormoqda, mahalliy dori vositalari ulushi ham bosqichma-bosqich ortib borayapti. Shu bilan birga, tarmoqda import xomashyosiga yuqori qaramlik saqlanib qolmoqda, ishlab chiqarish esa asosan ma’lum hududlarda joylashgan. Bozordagi raqobat va tarqatish tizimi bilan bog‘liq masalalar ham hali to‘liq hal etilmagan. Shu omillar sabab, ishlab chiqarish hajmi oshganiga qaramasdan, dorixonalardagi narxlar sezilarli darajada o‘zgarmayapti.
Zilola Xolto‘rayeva tayyorladi





