Fintex kelajagi haqida ochiq muloqot: Click yoshlar, ekspertlar va OAV vakillari uchun uchrashuv o‘tkazdi
Tadbir davomida Click SuperApp ekotizimining rivojlanishi, Visa bilan hamkorlik, sun’iy intellekt imkoniyatlari hamda firibgarlikka qarshi kurash bo‘yicha yangi yechimlar namoyish etildi.

14-iyul kuni Click kompaniyasi “FinTech yechimlari va raqamli xizmatlarni rivojlantirish” mavzusida ochiq uchrashuv tashkil etdi. Unda OAV va davlat tashkilotlari vakillari, fintex hamjamiyati a’zolari, talabalar hamda zamonaviy texnologiyalar va raqamli iqtisodiyotga qiziqadigan yosh mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda kompaniya vakillari Click SuperApp ekotizimining rivojlanishi, yangi raqamli xizmatlar, Visa bilan hamkorlik hamda xalqaro to‘lov imkoniyatlarini kengaytirish rejalari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, raqamli xavfsizlik, «Mablag‘larni qaytarish kafolati» dasturi, «Firibgarlik haqida xabar berish» mini-ilovasi va sun’iy intellektdan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Click kompaniyasida CPO vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Abdurahmonovning ta’kidlashicha, kompaniya uchun nafaqat yangi mahsulotlarni ishlab chiqish, balki yosh mutaxassislar bilan tajriba almashish va ularni zamonaviy moliyaviy texnologiyalar bilan tanishtirish ham muhim hisoblanadi.
“Fintex juda tez o‘zgarib bormoqda. Shu bois ochiq uchrashuvlar o‘tkazish muhim: ularda texnologiyalar haqida erkin gaplashish, tajriba almashish va savollarga javob olish mumkin. Biz Click bugun qanday rivojlanayotgani, jamoamiz qanday vazifalarni hal qilayotgani va texnologiya sohasida karera qilishni istagan yosh mutaxassislar uchun qanday imkoniyatlar borligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldik”, — dedi u.
Tadbirda Click’ning firibgarlikka qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Abduabbos Abdurahimov va ishlab chiqarish departamenti eksperti Alisher Ahmedov ham ma’ruza qildi. Ular zamonaviy firibgarlik sxemalari, foydalanuvchilarni himoya qilish mexanizmlari hamda raqamli xizmatlarni ishlab chiqishda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.
Abduabbos Abdurahimovning Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, Click antifrod tizimi har kuni o‘rtacha 120–150 ta potensial firibgarlik bilan bog‘liq yoki shubhali operatsiyani aniqlaydi. Ayrim kunlari bu ko‘rsatkich bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
Bu muammoni hal qilish uchun platformada himoya mexanizmlari ishlab chiqilgan. Masalan, foydalanuvchi odatdagi xatti-harakatidan keskin farq qiladigan moliyaviy operatsiyalar amalga oshirilganda antifrod tizimi buni anomaliya sifatida qayd etadi.
Ilgari pul o‘tkazmagan foydalanuvchi qisqa vaqt ichida yirik yoki ko‘p sonli tranzaksiyalarni amalga oshirsa, tizim avtomatik ravishda ogohlantirish beradi va operatsiyalar qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bunday operatsiyalar qo‘shimcha tekshiruvga yo‘naltirilishi yoki vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.
Shuningdek, Click’ning kiberxavfsizlik jamoasi ishtirokchilar uchun amaliy mashg‘ulot ham o‘tkazdi. Unda real firibgarlik holatlari misolida ijtimoiy muhandislik usullari tahlil qilinib, firibgarlar shaxsiy ma’lumotlar va mablag‘larni qo‘lga kiritishda foydalanadigan usullar tushuntirildi.
Uchrashuv davomida mehmonlar Click ekotizimidagi mahsulotlar va Cleo AI sun’iy intellekt yordamchisi bilan yaqindan tanishdi. Tadbir yakunida esa ular kompaniya mutaxassislari bilan fintex bozori, sun’iy intellekt hamda raqamli xizmatlarning buguni va istiqbollari yuzasidan ochiq muloqot qildi.





