Logo

Foyda solig‘ini pasaytirib, bank komissiyalarini QQSga tortish taklif qilindi

Bugun 12:192 daqiqa

Banklar va mobil operatorlar uchun foyda solig‘ini 20 foizdan 15 foizga tushirish taklif qilindi. Budjetning 859 milliard so‘mlik yo‘qotishini esa banklarning ayrim komissiya xizmatlarini QQSga tortish evaziga qoplash rejalashtirilmoqda.

Foyda solig‘ini pasaytirib, bank komissiyalarini QQSga tortish taklif qilindi

O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan fiskal muloqotda banklar, mobil aloqa operatorlari, polietilen granula ishlab chiqaruvchilar hamda bozorlar va savdo komplekslari uchun amaldagi 20 foizlik foyda solig‘i stavkasini 15 foizga tushirishni taklif qildi.

Institut vakillarining ta’kidlashicha, xalqaro tajribada aksariyat davlatlarda foyda solig‘i yagona stavka asosida undiriladi. Shu bois mazkur tarmoqlar uchun oshirilgan stavkani saqlab qolish adolatlilik va raqobat tamoyillariga mos kelmaydi.

«Biz foyda solig‘i bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganganimizda deyarli barcha davlatlarda yagona stavka qo‘llanilishini ko‘rdik. Shuning uchun adolatlilik va raqobat prinsiplaridan kelib chiqib, banklar, mobil aloqa operatorlari, polietilen granula ishlab chiqaruvchilari hamda bozorlar uchun ham 15 foizlik stavkani belgilashni taklif etamiz», — dedi institut vakili.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur taklif amalga oshirilsa, davlat budjeti foyda solig‘i hisobidan 859 milliard so‘m daromadni yo‘qotadi.

Bu yo‘qotishni qoplash uchun institut banklarning ayrim komissiya xizmatlarini qo‘shilgan qiymat solig‘iga tortishni taklif qildi.

Xususan, bank kartalarini yuritish, hisobvaraqlarni yuritish, kassa xizmatlari, valuta ayirboshlash bo‘yicha komissiyalar hamda bank kartalari operatsiyalarini protsessing qilish xizmatlariga QQS joriy etish taklif etilmoqda.

«Ushbu yo‘qotiladigan summani banklarning komissiya xizmatlarini QQSga tortish evaziga qoplash mumkin deb hisoblaymiz. Xalqaro tajribani o‘rganganimizda, bunday xizmatlar aksariyat davlatlarda soliqqa tortiladi», — dedi institut vakili.

Bu taklif amalga oshirilsa, banklarning foyda solig‘i yuki kamayadi, ayrim komissiya xizmatlari esa birinchi marta qo‘shilgan qiymat solig‘i obyektiga aylanishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid