
Fransiya moliyaviy barqarorligini yo‘qotyaptimi? — Fitch reytingni pasaytirdi
14.09.2025 | 22:008253
Fitch Fransiyaning kredit reytingi pasayganini e’lon qildi, davlat qarzi esa kelasi uch yilda YAIMning 121 foiziga yetishi kutilmoqda.

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Fransiyaning uzoq muddatli kredit reytingini «AA-»dan «A+»ga tushirdi va prognozni «barqaror» deb belgilandi. Bu qaror mamlakatning o‘sib borayotgan davlat qarzi va iqtisodiy xatarlarga qarshi immuniteti susayishi bilan izohlandi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Fransiyaning davlat qarzi 2024 yilda YAIMning 113,2 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2027 yilga kelib u 121 foizga yetishi mumkin. Bu esa moliyaviy siyosatning manyovr qilish imkoniyatlarini cheklashi aytilmoqda.
Fitch reyting pasayishining yana bir sababi sifatida mamlakatdagi siyosiy bo‘linish va hukumatning fiskal konsolidatsiya olib borishdagi qiyinchiliklarini ko‘rsatdi. Xususan, Fransiya hukumatining 2029 yilgacha byudjet tanqisligini YAIMning 3 foiziga tushirish rejasi amalga oshmasligi mumkinligi qayd etildi.
Yevropa Ittifoqi moliyaviy intizomiga rioya qilishda ham Fransiya sustkashlik qilgani tanqid qilingan. Shu bilan birga, Fitch Portugaliyaning reytingi «A-»dan «A»ga ko‘tarilganini ma’lum qildi. Mamlakat davlat qarzi 2020 yildagi 134,1 foizdan 2025 yil birinchi choragida 96,4 foizgacha tushgan.
Fitch Portugaliya muvaffaqiyatini samarali byudjet siyosati, iqtisodiy o‘sish va byudjetdagi profitsit bilan bog‘ladi. Shuningdek, Standard & Poor’s agentligi ham Ispaniya reytingini «A»dan «A+»ga oshirdi. Bu Ispaniyada xususiy sektor qarzini kamaytirish va tashqi moliyaga bog‘liqlikni qisqartirish ishlarining natijasi sifatida baholandi.





