
Furqat tumani IIB sobiq rahbarlari ustidan jinoyat ishi sudda ko‘rilmoqda
07.10.2025 | 15:1534694
34 yoshli ayolni tahqirlash bilan bog‘liq jinoyat ishi Quva tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda. Sudlanuvchilar orasida Furqat tumani IIBning sobiq rahbarlari bor.

Farg‘ona viloyatidagi jinoyat ishi — 34 yoshli Gulira’no Qosimovaning tahqirlanishi bilan bog‘liq holat bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, ish jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda. Sudlanuvchilar sifatida Furqat tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan 39 yoshli Akmal Xo‘jayev hamda uning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan 34 yoshli Jasur Rasulov ishtirok etmoqda.
Tergov organining xulosasiga ko‘ra sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi «a», «b» bandlari, 141-3-moddasi (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) 2-qismi «b» bandi, 142-moddasi (fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 230-2-moddasi (tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish) 1-qismi va 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Hozirda sud jarayoni davom etmoqda va uning yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot e’lon qilinishi kutilmoqda.
Farg‘ona viloyati IIB esa holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, jamoatchilikdan sud hukmi chiqarilmasdan turib noo‘rin xulosa chiqarmaslikni so‘radi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, tergov va sud organlariga barcha asosli materiallar taqdim etilgan, natijalar bo‘yicha xolis munosabat bildiriladi.
Boshqarma, shuningdek, asossiz yolg‘on axborot tarqatish uchun javobgarlik borligini eslatib o‘tdi.
Avvalroq Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mazkur ishni nazoratga olgani, Ombudsman esa holatda ishtirok etgan har bir shaxsning qilmishi to‘liq va xolisona o‘rganilishi lozimligini ta’kidlagan edi.





