
G‘azoda insonparvarlik yordami olishga kelgan 70 nafar falastinlik o‘ldirildi
18.06.2025 | 14:007814
Xan Yunus shahrida Isroil harbiylarining olib borgan zarbalari oqibatida kamida 70 falastinlik halok bo‘ldi. Bu G‘azodagi yordam tarqatish nuqtalaridagi eng qonli kun sifatida qayd etildi.

17 iyun kuni Isroil armiyasi tomonidan G‘azo sektoridagi Xon Yunus shahrida yordam kutayotgan fuqarolarga nisbatan amalga oshirilgan o‘q uzishlar natijasida kamida 70 kishi halok bo‘ldi. Yaralanganlar soni 200 nafardan ortiq ekani ma’lum qilindi.
Gunohsiz fuqarolar asosiy sharqiy yo‘l bo‘ylab un va oziq-ovqat olish umidi bilan yig‘ilgan paytda, ularga dron, pulemyot va tank o‘qlari bilan zarba berilgan. G‘azo Favqulodda vaziyatlar xizmati vakillarining ta’kidlashicha, bu fojia ayniqsa non va un uchun navbatda turgan odamlar o‘rtasida yuz bergan.
Al-Jazeera telekanali muxbirining guvohlarga tayanib bildirishicha, Isroil dronlari va tanklari tomonidan amalga oshirilgan zarbalar «hech qanday ogohlantirishsiz» amalga oshirilgan. Ularga ko‘ra, odamlar oddiy oziq-ovqat uchun hayotlarini xavf ostiga qo‘ymoqda.
G‘azodagi Nasir shifoxonasida jabrlanganlar ko‘pchiligi og‘ir ahvolda bo‘lib, qurbonlar soni yana oshib ketishi mumkinligi aytilmoqda. Dushanba kuni ham shunday hujumda 38 kishi halok bo‘lgan edi.
Isroil va AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan G‘azo Humanitar Fondi (GHF) 26 maydan beri yordam tarqatayotgan paytda bu kabi hodisalar to‘xtovsiz amalga oshmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jamg‘arma yordamini olish jarayonida hozirgacha 300 dan ortiq fuqaro halok bo‘lgan, 2000 nafardan ortiq kishi jarohat olgan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish oxirgi halokatlardan so‘ng javobgarlikni ta’minlashga chaqirdi. Nyu Yorkdagi BMT qarorgohida uning matbuot kotibi orqali qilingan bayonotda: «Odamlar oziq-ovqat izlab yordam nuqtalarida o‘qqa tutilmoqda. Bu halokatlar uchun javobgarlar aniqlanishi kerak», – deyildi.





