
Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi hind talabalarini Chirchiqda o‘qimaslikka chaqirdi
Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi to‘rtta xorijiy tibbiyot muassasasida — jumladan, Toshkent davlat tibbiyot universitetining Chirchiqdagi filialida — bakalavr darajasida o‘qishni qat’iyan taqiqladi.

Bu ta’lim muassasalari Hindiston talablariga javob bermasligi tufayli, u yerda ta’lim olgan talabalar mamlakatda tibbiyotchi sifatida ro‘yxatdan o‘ta olmaydi.
2025 yil 22 iyul kuni Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi (NMC) navbatdagi rasmiy ogohlantirish bayonotini e’lon qildi. Unda talabalarga:
— Markaziy Amerika sog‘liqni saqlash va fanlar universiteti, Beliz;
— Kolumbiya Markaziy universiteti, Beliz;
— Vashington sog‘liqni saqlash va fanlar universiteti, Beliz;
— Toshkent davlat tibbiyot universiteti Chirchiq filiali, O‘zbekiston bakalavr yo‘nalishida o‘qishga kirish qat’iyan tavsiya etilmaydi.
Komissiya bayonotida qayd etilishicha, mazkur muassasalardagi ta’lim Hindistonning tibbiy talablariga javob bermaydi, va ularda ta’lim olgan talabalar tibbiyotchi sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tishi mumkin emas. Ayniqsa, kurs davomiyligi, o‘quv tili, klinik amaliyot va internaturada talablarga rioya qilinmasligi talabalarning kelgusida litsenziya olishiga to‘siq bo‘ladi.
Bayonotda Tashqi ishlar vazirligining Yevroosiyo bo‘limi va Meksikadagi Hindiston elchixonasi tomonidan berilgan jiddiy e’tirozlar ham tilga olingan. Unda ayni o‘quv muassasalarida infratuzilma yetishmasligi, past saviyadagi ta’lim va amaliyot, talabalarga nisbatan tazyiq va nohaq kontrakt to‘lovlari qayd etilgan.
Talabalarga ta’limni boshlashdan oldin NMC rasmiy saytida 2025 yil 19 may kuni e’lon qilingan ogohlantirish bilan tanishish tavsiya qilindi. Shundagina ular tanlagan universitetning FMGL — Tashqi tibbiyot ta’limi litsenziyasi reglamenti talablariga mos yoki emasligini baholash imkoniga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, NMC ushbu mavzuda 2023 yil 8 avgust va 2024 yil 22 noyabr kunlari ham ogohlantirish e’lon qilgan. Biroq, kuzatishlarga ko‘ra, hali ham ko‘plab hind talabalari talablarga javob bermaydigan xorijiy tibbiyot universitetlariga qabul qilinishida davom etmoqda.





