
Hindiston Yaponiyani ortda qoldirib, dunyoda to‘rtinchi yirik iqtisodiyotiga aylandi
26.05.2025 | 16:2042573
Hindiston rasman dunyodagi to‘rtinchi eng yirik iqtisodiyotiga aylandi. Bu haqda mamlakatning bosh iqtisodiy tahlil organi — NITI Aayog rahbari B.V.R. Subramanyam ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Hindiston Yaponiyani ortda qoldirib, 4 trln dollarlik yalpi ichki mahsulot hajmiga erishgan.

Subramanyam Xalqaro valyuta jamg‘armasining so‘nggi hisobotini keltirib, Hindiston 2024 yilda beshinchi o‘rinda bo‘lganini, 2025 yilga kelib esa Yaponiyadan o‘tib ketganini qayd etdi. Endi mamlakatdan faqat AQSH, Xitoy va Germaniya katta iqtisodga ega.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston yaqin 2,5–3 yilda dunyodagi uchinchi yirik iqtisodga aylanishni maqsad qilgan. Buning uchun rejalashtirilgan iqtisodiy islohotlar va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash asos bo‘ladi.
Xalqaro valyuta fondining 2025 yilgi baholashiga ko‘ra, Hindistonning yalpi ichki mahsuloti 4,19 trln dollarga yetadi. Bu Yaponiyaning shu yilgi kutilgan 4,18 trln dollarlik ko‘rsatkichidan biroz yuqori. Shu bilan birga, Hindiston iqtisodi 2025–2026 yillarda 6,2 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu avvalgi 6,5 foizlik prognozdan kamroq bo‘lsa-da, iqtisodiy barqarorlik saqlanishi ta’kidlanmoqda.
Ayni payida dunyoning uchinchi iqtisodiyoti bo‘lib turgan Germaniyaning esa o‘sish sur’ati yiliga 0,3 foizga teng. Binobarin, Hindiston 2027-2028 yillarga borib, Germaniyani quvib o‘tishi pronoz qilinmoqda.
Subramanyam Hindistonning umumiy geosiyosiy va iqtisodiy muhiti bu o‘sishga imkon yaratayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u 2014 yildan buyon aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad ikki baravar oshganini qayd etdi.





