Hokimiyat uchun kurash? — siyosatshunoslar Qamchibek Tashiyevning ishdan olinishi haqida

Qirg‘iziston xavfsizlik tizimidagi kutilmagan kadrlar almashinuvi ortida qanday siyosiy hisob-kitoblar yotibdi — rasmiy izohlardan tashqari savollar ko‘paymoqda.

10-fevral kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi hamda Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan Qamchibek Tashiyevni egallab turgan lavozimidan ozod etdi.

Prezident ushbu qarorni «davlat birligini mustahkamlash, jamiyatda, jumladan davlat organlari o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bo‘linishlarning oldini olish» zarurati bilan izohladi. Uning ta’kidlashicha, bu qadam davlat manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilingan bo‘lib, mamlakatda barqaror va muvofiqlashtirilgan siyosiy muhitni shakllantirishga qaratilgan.

Prezident ma’muriyati bergan ma’lumotga ko‘ra, kadrlar o‘zgarishi faqat Tashiyev bilan cheklanmagan. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining bir qator yuqori lavozimli vakillari ham vazifasidan ozod etilgan. Jumladan:

  • Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Qurvanbek Avazov;

  • Qo‘mita raisi o‘rinbosari, Kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashtirish markazi direktori Daniyel Risaliyev;

  • Qo‘mita raisi o‘rinbosari Elizar Smanov.

Shuningdek, Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi Rustam Mamasaddiqov hamda Chuy viloyati Kemin tumani hokimi Kutpidin Shakirov ham lavozimidan ozod etildi.

Ayni farmon bilan Jumgalbek Shabdanbekov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimidan olingan Rustam Mamasaddiqov esa Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazildi.

«Fikr vaqti» dasturining Qozog‘istondagi konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan so‘nggi sonida mazkur kadrlar almashinuvi ham alohida tahlil qilindi. Jumladan, siyosatshunoslar Bektoj Berdiyev va Muxtor Nazirov Qirg‘iziston xavfsizlik organlaridagi keng ko‘lamli o‘zgarishlarning ehtimoliy siyosiy va institutsional sabablariga to‘xtalib, bu jarayonning mintaqaviy va ichki siyosiy kontekstdagi ahamiyatini muhokama qildilar.

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 43

Barchasi

Mavzuga oid