Iftordan keyin qanday mahsulotlarni tanovul qilgan ma’qul?

24.02.2026 | 18:122 daqiqa

Mutaxassislar ro‘za ochishda shoshmaslik, yengil va muvozanatli taomlardan boshlash zarurligini ta’kidlamoqda.

Iftordan keyin qanday mahsulotlarni tanovul qilgan ma’qul?

Ramazon oyida iftorlik paytida ovqatlanish tartibiga rioya qilish organizm salomatligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu boisdan Sog‘liqni saqlash vazirligi ro‘za tutgan insonlar uchun kerakli bo‘lgan bir qator savollarga javob berdi.

«Og‘iz ochish»dan keyin qanday mahsulotlarni tanovul qilgan ma’qul?

Mutaxassislar avvalo shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, keyin esa ro‘zani bir dona xurmo yoki bir-ikki dona mayiz bilan ochishni tavsiya etadi. Shundan so‘ng oz miqdorda suv yoki tabiiy sharbat ichib, organizmni asosiy taomga tayyorlash kerak.

To‘g‘ri boshlash qoidalari

Iftor dasturxoni odatda to‘kin bo‘ladi, ammo ovqatlanishni yengil salatlardan boshlash maqsadga muvofiq. Ayniqsa, mayonezli va og‘ir hazm bo‘ladigan salatlardan ehtiyot bo‘lish zarur.

Suyuq ovqatlar, xususan sho‘rva, kun davomida susaygan organizm uchun foydali. Go‘shtli mahsulotlar yo‘qotilgan energiyani tiklashga yordam beradi.

Qaysi yeguliklarni cheklash lozim?

O‘ta yog‘li, sho‘r, dudlangan va tuzlamalardan voz kechish kerak. Rangli ichimliklar va sun’iy qo‘shimchalar ham organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Tuzi kam suzma yoki ayron iste’moli mineral tuzlar muvozanatini saqlashga ko‘maklashadi. Bu mahsulotlar kalsiy va fosfor almashinuvini qo‘llab-quvvatlaydi.

Kechki ovqatdan so‘ng imkoniyatga qarab qisqa masofaga yayov yurish tavsiya etiladi. Bu hazm jarayonini yengillashtiradi va oshqozonga tushadigan yuklamani kamaytiradi.

Mevalar, shirinliklar va issiq choyni asosiy ovqatdan kamida bir soat o‘tgach iste’mol qilish ma’qul. Bu qand miqdorining keskin oshishini oldini oladi.

Mutaxassislar iftor va saharlikda muvozanatli ratsionga amal qilish orqali organizmni toliqtirmaslik mumkinligini ta’kidlaydi. To‘g‘ri ovqatlanish surunkali kasalliklar zo‘rayishining oldini olishga yordam beradi va Ramazon oyini sog‘lom o‘tkazish imkonini beradi.

Teglar

Mavzuga oid