
IIB fitnasi: Farg‘onada IIB xodimlari ayolni yechintirib, yolg‘on ariza berishga majburladi
06.10.2025 | 20:41492011
Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida ishlaydigan maktab direktori Gulira’no Qosimova Furqat tumani Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘iga qarshi uyushtirgan jinoiy tomoshasi qurboniga aylandi. Bu haqda uning o‘zi Kun.uz'ga gapirib berdi.

Gulira’no Qosimovaning aytishicha, u avariyaga uchragan turmush o‘rtog‘ining jarrohlik amaliyoti uchun qarz so‘rab joriy yil aprelida o‘z tanishi, tuman soliq idorasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonovning oldiga borganida, IIB sahnalashtirgan tuzoqqa tushgan. To‘satdan paydo bo‘lgan IIB tezkor xodimlari Qosimova va Abdurahmonovni urib, qip-yalang‘och qilib yechintirishgan.
«Yusuf kameraga olib turibdi, Sohib aytyapti: davay, kameraga qaraysan, soliqning boshlig‘i hozir meni mana shu yerga majburlab olib kirib, urib, jinsiy munosabatda bo‘ldi, deb aytib berasan. Men hayronman, aqlim yetmayapti nega unday narsani talab qilayotganiga. Men bosh tortdim. U meni urishda davom etdi. Tohir sochimdan tortib kameraga olib kelib beryapti. Sohib boshimga uryapti, borib devorga tegib qaytib kelyapman, oyog‘imga tepyapti. «Shunday gapirib berasan», deb telefonlari bilan uryapti. «Pauza qil!» deydi, kamerani pauza qilganda, Sohib uradi», - deydi Qosimova.
Qosimovaga uning yalang‘och holatda IIB xodimlari tomonidan olingan videolari tarqatilishi bilan tahdid qilingan.
«Gapimizga quloq solmasang eringga xotiningni ushlab oldik, deymiz deyishdi. Aytaver, ekspertiza qildirasan, haqiqatdan jinsiy aloqa qilgan bo‘lsam, bo‘ynimga qo‘yib berasan, dedim. Keyin ular noilojlikdan erimni chaqirtirishdi-da, anglashilmovchilik bo‘libdi, hammasi joyida deb qaytarib yuborishdi», - deya hikoya qildi boshidan o‘tganlarni ayol.
Bir necha IIB xodimlari ishtirok etgan bu jinoiy amaliyot ortida Furqat tumani IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayevning o‘zi turgan. Boshqarmada ayol bilan uchrashgan Xo‘jayev o‘z xodimlari tomonidan anglashilmovchilik bo‘lganini aytib, Qosimovadan bu voqeani oshkor etmaslikni tayinlagan. Biroq, aslida uning xodimlari qo‘lidagi yalang‘och videolar tarqatilishiga ishora qilgan.
«IIB tezkor xodimlari avvaldan ssenariy tuzishgan, soliqning boshlig‘i meni majburlab jinsiy munosabatda bo‘ldi, deb yozib berishimni kutishgandi. Ularning asl maqsadi soliq «kattasi»ni ishdan bo‘shatish va qamash bo‘lgan. Lekin xodimlar maqsadiga erisha olmadi. Men ular xohlagan gapni aytib bermadim», - deydi Qosimova.
Voqea ortidan ayol o‘z joniga qasd qilib, kasalxonaga tushdi va omon qoldi. Uning ikki qizi hali maktabda o‘qiydi, o‘g‘li esa bog‘chaga boradi. O‘ziga kelgach, Qosimova IIB xodimlarining noqonuniy harakatlaridan prokuraturaga arz qilgan.
Kun.uz'ga ko‘ra, ayni paytda Furqat tuman IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev lavozimidan ozod etilgan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Unga shaxsiy hayot daxlsizligini buzish, shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish, fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish) ayblovlari e’lon qilingan.
Ammo, nashrga ko‘ra, bu voqealarni uyushtirishda hammaslak bo‘lgan sobiq IIB boshlig‘ining o‘rinbosari va ayolni tahqirlagan tezkor xodimlar hali ham o‘z lavozimlarida ishlashda davom etmoqda. Ayolning ta’kidlashicha, unga o‘z arizasini qaytarib olish yo‘lida katta miqdorda pul taklif qilindi va u rozi bo‘lmagach, o‘zi va farzandlari hayotiga tahdidlar davom etyapti.
«Meni urib tahqirlagan tezkor qidiruv xodimlari Sohib, Tohir, Yusuf, A’zam va Dilshod edi. Sohib, Yusuf, keyin bir o‘rinbosar bizni s’yomka qilgandi. U yerda bolalar inspektori ham bor edi. Uch nafar profilaktika inspektori, uch nafar tezkor qidiruv xodimi, bir nafar terrorizmning boshlig‘i G‘ayrat ismli bola ham bo‘lgan. Sohib yomon so‘zlar bilan haqorat qilib, urib, joyimdan uchirib yuborgan. Tohir sochimdan tortib kelib, yuzimni kameraga qaratgan. G‘azabni keltiradigan sahnada. Tepamda to‘rtta erkak, to‘rtta ichki ishlar xodimi turibdi. Men iltimos, chetroq turinglar, hech bo‘lmasa kiyimimni kiyib olay, ayol kishiman deyapman. Ular yo‘q, bu yerda shartni sen emas, biz qo‘yamiz deyishyapti. To‘rtta erkak menga qarab turdi, ularning ko‘z o‘ngida kiyindim. Norozi bo‘layotganim, “shou”ni “nachalnik” tashkillashtiryapti, o‘rinbosar unga ko‘maklashyapti. Lekin ularning topshirig‘ini bajarganlar-chi? Ular javobgarlikdan chetda qolmoqda. IIB boshlig‘i va o‘rinbosari o‘z qilmishini tan oldi. Tegishli idoralardan meni shu ko‘yga solgan barcha IIB xodimlariga qat’iy chora ko‘rishlarini so‘rab qolaman.
Bu voqealardan keyin tegishli joylarga murojaat qildim. IIB boshlig‘i Xo‘jayev ishdan ketdi. O‘rinbosariga ayblov e’lon qilindi. Endi tez kunlarda sud bo‘lishi kutilyapti. Soliq idorasining boshlig‘i aybi yo‘qligi uchun ishiga tiklandi. Endilikda esa Jasur ismli o‘rinbosar ishni bosti-bosti qilish uchun tanishlari orqali 50 ming dollargacha pul taklif qilyapti. Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulov dastlab ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingandi, lekin 15 mln so‘m garov evaziga qo‘yib yuborilgan», - deydi ayol.
Gulira’no Qosimova uni do‘pposlash va tahqirlashda qatnashgan barcha xodimlarga qonun doirasida qat’iy chora ko‘rilishini xohlashini aytgan.
Farg‘ona viloyati prokuraturasining ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha prokuratura tomonidan tergov harakatlari o‘tkazilib, sobiq IIB boshlig‘i va mas’ul shaxslar bo‘yicha ayblov ishi mazmunan ko‘rish uchun sudga yuborilgan.





