
Ijtimoiy reyestr: oilalarni kiritish va qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibi joriy etildi
2026 yil 29-yanvarda qabul qilingan hukumat qarori bilan Ijtimoiy reyestrni yuritish, oilalarni toifalash va ularga manzilli yordam ko‘rsatishning aniq mexanizmi belgilandi.

Oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish, ularni ijtimoiy-iqtisodiy holatiga ko‘ra toifalarga ajratish va belgilangan asoslar bo‘yicha Reyestrdan chiqarish tartibi belgilandi. Bu haqda hukumatning 35-sonli qarori bilan «Ijtimoiy reyestrni yuritish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Ariza topshirish imkoniyatlari
Nizomga ko‘ra, ariza beruvchi oilasini Reyestrga kiritish uchun davlat xizmatlari markazlari, vakolatli organlar yoki ijtimoiy xodim orqali murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, YAMIH axborot tizimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda ariza berish imkoniyati mavjud. Bir oila tomonidan ariza oyiga bir martadan ortiq topshirilmaydi.
Ijtimoiy-iqtisodiy baholash mexanizmi
Ariza qabul qilingach, oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati dastlabki baholashdan o‘tkaziladi. Agar oilani «davlat ta’minotidagi oila» yoki «kambag‘al oila» deb topishni rad etish uchun asoslar aniqlanmasa, savolnoma to‘ldirish jarayoni boshlanadi. Ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangan savolnoma avtomatik ravishda «mahalla yettiligi»ga yuboriladi. Ular xulosa bergandan so‘ng, YAMIH tizimi orqali 3 ish kuni ichida yakuniy baholash amalga oshiriladi.
Oilalarni toifalash va daromad hisob-kitobi
Reyestrga kiritilgan oilalar «davlat ta’minotidagi oila», «kambag‘al oila» va «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifalariga ajratiladi. Oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad oxirgi uch oyda olingan jami daromadni oila a’zolari soniga va uchga bo‘lish orqali hisoblab chiqiladi. «Davlat ta’minotidagi oila»lar uchun savolnoma har 12 oyda, «kambag‘al oila»lar uchun esa har 6 oyda qayta to‘ldiriladi.
Individual yordam rejasi
Alohida qaror bilan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga individual reja ishlab chiqish tartibi ham belgilandi. Unga ko‘ra, oila Reyestrga kiritilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida individual reja tayyorlanadi. Reja mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisi va ijtimoiy xodim tomonidan ishlab chiqilib, «mahalla yettiligi» tomonidan 2 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Individual rejalar ijrosi har uch oyda kamida bir marta monitoring qilib boriladi.
Mazkur qarorlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq belgilash va davlat yordamini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan.





