
Ijtimoiy tarmoqlarni bloklash Rossiya bozorini o‘zgartirdi: «imo» 2900 foizga o‘sdi
«WhatsApp» va «Telegram» qo‘ng‘iroqlari cheklanganidan keyin Amerikaning «imo» messenjeri Rossiyada rekord darajada o‘sib, qisqa vaqt ichida eng ommaviy servislar qatoriga kirdi.

2025 yil oxirida Rossiya messendjerlar bozorida kutilmagan yetakchi paydo bo‘ldi. Amerikaning «imo» servisi bir necha oy ichida auditoriyasini qariyb 30 barobarga oshirib, dekabr oyida 9,82 mln foydalanuvchiga yetdi. Bu «Mediascope» ma’lumotlariga ko‘ra, servisni mamlakatdagi beshinchi eng ommaviy messenjerga aylantirdi. Shu tariqa, «imo» «Viber»ni ortda qoldirdi.
O‘sish avgust oyida Roskomnadzor tomonidan «WhatsApp» va «Telegram»da audio va videoqo‘ng‘iroqlar bloklanganidan keyin boshlandi. Rasmiy sabab sifatida firibgarlikka qarshi kurash ko‘rsatildi. Shu bilan birga «Signal», «Discord» va «Viber» ham cheklovlarga duch keldi. Natijada, foydalanuvchilar muqobil platforma izlashga majbur bo‘ldi.
«imo» nima taklif qilyapti?
«imo» loyihasi AQSHdagi «Pagebites» kompaniyasiga tegishli bo‘lib, matnli xabarlar, audio va videoqo‘ng‘iroqlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Hozircha servis Rossiyada cheklanmagan. 2017 yilda u ma’lumotlar reyestri bilan bog‘liq talablar sabab qisqa muddat bloklangan, keyinchalik esa qayta tiklangan. 2025 yil may oyida kompaniya ushbu talablarni buzgani uchun 800 ming rubl jarimaga tortilgan.
Mobil operatorlar ham «imo»ga qiziqish ortganini tasdiqlamoqda. «VTB Mobayl» uni «Viber» o‘rniga notarif trafik ro‘yxatiga qo‘shdi, «SberMobayl» esa bunday imkoniyatni avvalroq joriy qilgan. Ayrim operatorlarda iyul–dekabr oralig‘ida «imo» foydalanuvchilari soni to‘rt barobarga oshgan.
Xatarlar va kelajak
Mutaxassislar «imo»ning ommalashuvini rossiyaliklar uchun bepul internet-qo‘ng‘iroqlar muhimligini saqlab qolish istagi bilan bog‘lamoqda. Biroq servisning tez o‘sishi uni ham regulyatorlar diqqatiga tushirishi mumkin. Yuristlar «imo»ning yopiq dastur kodi ma’lumotlar xavfsizligi bo‘yicha savollar tug‘dirishini ta’kidlab, hassos ma’lumotlar uchun ehtiyotkorlikni maslahat beradi.
Agar bozordagi hozirgi cheklovlar saqlanib qolsa, «imo» Rossiyada vaqtinchalik emas, balki tizimli o‘yinchiga aylanishi mumkin. Biroq uning taqdiri ko‘p jihatdan regulyatorlar pozitsiyasiga bog‘liq bo‘ladi.



