Inflatsiya pasaymoqda, o‘sish saqlanmoqda: OTB O‘zbekiston iqtisodiyoti qaysi tomonga ketayotganini prognoz qildi
Osiyo taraqqiyot banki prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti yaqin ikki yilda barqaror o‘sishni saqlab qoladi. 2026-yilda o‘sish 6,7 foiz, 2027-yilda esa 6,8 foizga yetishi kutilmoqda.
© МДҲ интернет-порталиO‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi yuqori darajada saqlanib qolishi va 2026-yilda 6,7 foiz, 2027-yilda esa 6,8 foizgacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Osiy taraqqiyot bankining (OTB) 2026-yil aprel oyidagi «Osiyo rivojlanish istiqbollari» (ADO) hisobotida so‘z boradi.
Aniqlik kiritilishicha, ushbu prognozlar 10-mart holatiga ko‘ra shakllantirilgan bo‘lib, ular Yaqin Sharqdagi nizoning tez orada barqarorlashishi ssenariysi va yuqori darajadagi noaniqliklarni inobatga olgan taxminlarga asoslangan.
Qayd etilishicha, 2025-yilda iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlaridagi kuchli ko‘rsatkichlar tufayli o‘sish sur’atlari tezlashib (7,7 foiz darajasida), kutilganidan yuqori bo‘lgan.
Xizmat ko‘rsatish sohasi o‘sishning asosiy drayveri bo‘lib qolgan va 14,7 foizga o‘sgan. Bunga savdo, logistika, raqamli xizmatlar va turizm rivoji xizmat qilgan. Sanoat (qurilishdan tashqari) 6,8 foizga oshgan. Qurilish sohasi uy-joy va infratuzilmaga kiritilgan faol investitsiyalar hisobiga 14,2 foizlik jadal o‘sishni ko‘rsatgan. Qishloq xo‘jaligi o‘simlikshunoslik va chorvachilikning barqaror o‘sishi fonida 4,4 foizga ko‘payib, iqtisodiyotga o‘z hissasini qo‘shgan.
«O‘zbekiston keyingi ikki yilga kuchli iqtisodiy pozitsiya bilan, barqaror ichki talab, yuqori darajadagi investitsiyalar va davom etayotgan tarkibiy islohotlarga tayangan holda qadam qo‘ymoqda. Izchil islohotlar va fiskal intizom tashqi noaniqliklar sharoitida iqtisodiyotning chidamliligini oshirdi. Kelajakdagi vazifa esa xususiy sektorga asoslangan yanada samarali o‘sishga o‘tishdan iborat», — dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya.
Hisobotga ko‘ra, 2025-yilda ichki talab iqtisodiy o‘sishning asosiy tayanchi bo‘lib qolgan. Bunga aholi daromadlarining ortishi, faol tadbirkorlik va yuqori investitsiyalar sabab bo‘lgan. Uy xo‘jaliklarining real daromadlari 9,2 foizga, jami investitsiyalar hajmi esa 10,5 foizga o‘sgan.
Inflatsiya
Inflatsiya kutilganidan tezroq pasaygan: 2024-yildagi 9,8 foizdan 2025-yilda 7,3 foizgacha tushgan. Bu qat’iy pul-kredit siyosati, almashuv kursining mustahkamlanishi va xarajatlarning kamayishini aks ettiradi.
Inflatsiya sekinlashishda davom etishi kutilmoqda:
2026-yilda — 6,5 foiz;
2027-yilga borib esa Markaziy bankning 5,0 foizlik o‘rta muddatli maqsadli ko‘rsatkichiga yaqinlashishi prognoz qilinmoqda. Energiya resurslari tariflarining qayta ko‘rib chiqilishi va oziq-ovqat ta’minotidagi xavflar bu jarayonni vaqtincha sekinlashtirishi mumkin.
Budjet taqchilligi
Budjet taqchilligi muhim ijtimoiy xarajatlar saqlab qolingan holda YAIMga nisbatan 2,1 foizgacha qisqargan. Eksport, turizm tushumlari va pul o‘tkazmalarining o‘sishi hisobiga tashqi pozitsiyalar mustahkamlangan, xalqaro zaxiralar esa yetarli darajada saqlanib qolgan.
JSTga a’zo bo‘lish
O‘zbekiston iqtisodiy siyosati uchun asosiy chaqiriq bo‘lib davlat korxonalarini isloh qilish va Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish orqali iqtisodiyotning tarkibiy transformatsiyasini tezlashtirish qolmoqda. JSTga a’zolik islohotlarni mustahkamlash, raqobatbardoshlikni oshirish va yuqori sifatli investitsiyalarni jalb qilishga yordam berishi kutilmoqda.





