Logo

Ipoteka subsidiyalari uchun arizalar qabuli 25-noyabr kuni boshlanadi

Bugun 10:483 daqiqa

Arizalarni soat 10:00 dan boshlab my.gov.uz portali, myGov mobil ilovasi yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali topshirish mumkin.

Ipoteka subsidiyalari uchun arizalar qabuli 25-noyabr kuni boshlanadi © istock

Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun arizalar qabuli 2026-yil 25-noyabr kuni 10:00 da boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

«Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lashning maqsadli ko‘rsatkichlari doirasida taqdim etilgan xabarnomalarning amal qilish muddatida foydalanilmagan qismi hisobidan arizalar qabul qilish boshlanishini ma’lum qilamiz» — deyiladi xabarda.

Subsidiya olish uchun qanday talablar bor?

Ipoteka subsidiyasiga da’vogar fuqaro ijtimoiy mezonlar bo‘yicha kamida 30 ball to‘plashi kerak. Shuningdek, uning kredit tarixi dasturda ishtirok etuvchi tijorat banklaridan kamida bittasining ichki talablariga mos kelishi lozim.

Yana bir shartga ko‘ra, ariza beruvchining ham, uning turmush o‘rtog‘ining ham nomida O‘zbekistonning hech bir hududida turar joy bo‘lmasligi kerak.

Ijtimoiy ball qanday hisoblanadi?

Talabgorning ijtimoiy holatiga qarab qo‘shimcha ball beriladi. Masalan, «Xorijda ish» tizimida ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migrantlari 10 ball oladi. Olis hududlarga ishga kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislar, tibbiyot xodimlari va professional ta’lim muassasalari o‘qituvchilariga esa 5 balldan beriladi.

Shuningdek, 30 yoshdan oshmagan fuqarolar, ajrashgan yoki beva shaxslar, yolg‘iz onalar hamda «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimining «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza» modulida ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar 5 balldan olishi mumkin.

Oilaning o‘rtacha oylik daromadi ham baholashda hisobga olinadi. Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda daromadi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 7 baravarigacha (3 mln 672 ming so‘mdan 9 mln 520 ming so‘mgacha) bo‘lgan oilalar 10 ball oladi. Daromadi 7 baravardan yuqori, 8 baravarigacha (9 mln 520 ming so‘mdan 10 mln 880 ming so‘mgacha) bo‘lgan oilalarga esa 5 ball beriladi.

Toshkent shahrida daromadi MHTEKMning 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (3 mln 670  ming so‘mdan 10 mln 880 ming so‘mgacha) bo‘lgan talabgorlarga 10 ball, 8 baravardan yuqori, 9,2 baravarigacha (10 mln 880 ming so‘mdan 12 mln  512 ming so‘mgacha) bo‘lganlarga 5 ball beriladi.

Bundan tashqari, ariza beruvchi yoki uning turmush o‘rtog‘i nomida respublikaning hech bir hududida turar joy bo‘lmasa, ushbu mezon uchun 20 ball beriladi.

Ariza topshirishdan oldin nimalarni tekshirish kerak?

Ariza yuborishdan avval fuqaro OneID tizimidagi shaxsiy ma’lumotlarni boshqarish paneli orqali subsidiya dasturida ishtirok etuvchi banklarga kredit tarixini tekshirish uchun zarur ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berishi kerak.

Shuningdek, kredit tarixini olishga vaqtinchalik cheklov o‘rnatilmagan bo‘lishi lozim. Bunday cheklov mavjud bo‘lsa, banklar fuqaroning kredit tarixini tekshira olmaydi va bu arizaning rad etilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Harbiy tuzilmalar xodimlari arizalarni faqat Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilish orqali topshirishlari kerak.

Subsidiya dasturida kredit tarixini baholashda 15 ta tijorat banki ishtirok etadi. Bular Agrobank, Aloqabank, Asakabank, Asia Alliance Bank, Biznesni rivojlantirish banki, Hamkorbank, Ipak Yo‘li bank, Ipoteka-bank OTP Group, Mikrokreditbank, Orient Finans bank, Trastbank, Turonbank, Xalq banki, O‘zmilliybank va O‘zsanoatqurilishbank.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank ipoteka kreditlari bo‘yicha hisobot e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-oktabr oylarida tijorat banklari aholiga 75,8 mingta ipoteka krediti ajratgan. Ularning umumiy qiymati 23,6 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,5 foizga oshgan.

Teglar

Mavzuga oid