Logo

Iqtisodiyot va moliya vazirligi «Tashabbusli budjet» bo‘yicha muhim ogohlantirish bilan chiqdi

Kecha 10:541 daqiqa

Vazirlik va’da qilingan mablag‘lar berilmayotgani bo‘yicha aholi tomonidan vazirlikka yuzlab murojaatlar bo‘layotganini aytib, bir nechta ma’lumotlarni eslatdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi «Tashabbusli budjet» bo‘yicha muhim ogohlantirish bilan chiqdi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda «Tashabbusli budjet»da ovoz uchun pul va’da qilayotganlar ko‘paydi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi aholini ogohlantirdi.

Vazirlikning yozishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda norasmiy Telegram botlari orqali «Tashabbusli budjet» jarayonlarida ovoz berish evaziga pul mukofotlari taklif etish holatlari keng tarqalib, turli bahs va munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, va’da qilingan mablag‘lar berilmayotgani bo‘yicha fuqarolar tomonidan vazirlikka yuzlab murojaatlar borib tushmoqda.

«Ushbu holatda uchinchi shaxslar loyihalarga ovoz to‘plash maqsadida pul mablag‘lari yoki moddiy qiymatliklarni va’da qilgan holda fuqarolardan ovoz to‘plab, keyinchalik mukofotlarni bermasligi holatlari kuzatilmoqda», — deya yozgan vazirlik.

Qayd etilishicha, «Tashabbusli budjet» doirasida ovoz berish faqat «Ochiq budjet» axborot portali, uning Android va iOS mobil ilovalari hamda Telegram’dagi rasmiy boti orqali amalga oshiriladi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, ovoz berish uchun aholidan pul undirilmaydi va berilgan ovozlar uchun moddiy rag‘batlantirish ham nazarda tutilmagan.

Ovoz berish jarayoni 31-avgust soat 23:59 gacha davom etadi. Vazirlik vatandoshlarni norasmiy botlardan foydalanmaslik, shaxsiy ma’lumotlarini begona shaxslarga bermaslik va firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Teglar

Mavzuga oid