
Isroilliklarning aksariyati G‘azoda zulmni oqlamoqda — so‘rov natijalari
08.07.2025 | 09:0049813 daqiqa
G‘arbiy Quddusdagi Yahudiy universiteti so‘roviga ko‘ra, Isroil jamiyatida G‘azo aholisiga nisbatan fikrlar keskin radikallashayotgani kuzatilmoqda. Aksariyat isroilliklar «G‘azoda birorta ham begunoh odam yo‘q» degan fikrni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Joriy yil iyun oyi boshida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, isroilliklar orasida 64 foiz respondent ushbu da’voni ma’qullagan. Shu bilan birga, mamlakat aholisining taxminan 20 foizini tashkil etuvchi Isroil fuqaroligiga ega bo‘lgan arablar bu fikrni 92 foiz holda rad etgan, deb yozadi TRT Global.
So‘rovda qayd etilishicha, ushbu da’voni hozirgi hukumat tarafdorlarining 87 foizi, Avigdor Liberman partiyasi kabi muxolifatdagi o‘ng qanot partiya saylovchilarining 73 foizi, markazchi guruhning 63 foizi va hatto so‘l partiyalarga ovoz beruvchilarning 30 foizi qo‘llab-quvvatlagan.
Mualliflar ta’kidlashicha, bu kabi qarashlar 2023 yil 7 oktyabridan keyin paydo bo‘lgan emas. Yana 2018 yilda sobiq mudofaa vaziri Avigdor Liberman ommaviy ravishda «G‘azoda biror begunoh yo‘q» deb bayonot bergan edi.
2023 yil oktyabrida Isroil prezidenti Ishak Hersog ham shunga o‘xshash fikr bildirib, «butun bir millat javobgar» ekanini aytgan va «Faqat tinch aholi bor, degan gap haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», degan. Bu gaplar keyinchalik BMT Xalqaro sudida Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi genotsid ayblovi doirasida taqdim etilgan dalillar qatoriga kiritilgan.
Hersog keyinchalik sudni «qonli tuhmat» va «gaplarining ma’nosini burganlik»da ayblagan bo‘lsa-da, so‘zlarining ma’nosi jamoatchilik tomonidan aniq qabul qilingan.
Tahlilchilarga ko‘ra, bu kabi ritorika tasodifiy emas — u sionistik mafkuraning bir qismi sifatida, tarixan mustamlakalashtirish mantiqi bilan bog‘langan.





