add

Jahon Banki O‘zbekiston xususiy sektorni rivojlantirishga doir islohotlarni ko‘paytirishni tavsiya etmoqda

04.07.2025 | 19:4047537

Tashkilot O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish ishlab chiqarish samaradorligi hisobiga emas, ko‘proq bino, inshoot, uskunalar kabi kapitalga kiritilgan sarmoyalar hisobiga amalga oshganini ta’kidladi.

Jahon Banki O‘zbekiston xususiy sektorni rivojlantirishga doir islohotlarni ko‘paytirishni tavsiya etmoqda
Jahon banki hisobotiga ko‘ra, 2010–2022-yillarda O‘zbekistonda har bir odamga to‘g‘ri keladigan iqtisodiy ko‘rsatkich – ya’ni aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot (YAIM) o‘rtacha yiliga 4,3 foizga o‘sgan. Bu natija Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi, shuningdek, o‘rtachadan past daromadli boshqa davlatlarga nisbatan yuqoriroq. Ammo, Jahon banki bu o‘sish asosan ishlab chiqarish samaradorligi (mahsuldorlik) hisobiga emas, balki ko‘proq bino, inshoot, uskunalar kabi kapitalga kiritilgan sarmoyalar hisobiga sodir bo‘lganini ta’kidlaydi. Shuningdek, xususiy sektor hali ham kuchli darajada rivojlanmagan. Jahon Bankiga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari quyidagicha bo‘lishi lozim:   Xususiy sektor va raqobatni rivojlantirish 2020 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2000 dan ortiq davlatga qarashli yirik korxonalar mavjud edi. Ular mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM)ning 32 foizini tashkil qilgan. Ammo bu korxonalarning aksariyati aslida xususiy kompaniyalar yaxshi ishlay oladigan sohalarda faoliyat yuritmoqda. Shu sababli, bozorda raqobatni oshirish va xususiy sektorni rivojlantirish juda muhim.   Infratuzilmani yaxshilash Mamlakatning barcha hududlarida, ayniqsa elektr energiyasi va transport sohalarida infratuzilma eskirgan va uni yangilash zarur. Bu ishbilarmonlar uchun xarajatlarni kamaytiradi va muloqotni osonlashtiradi. Shu maqsadda hukumat energetika sohasiga xususiy sarmoyadorlarni jalb etish uchun harakat qilmoqda. Energiya narxlarini bosqichma-bosqich isloh qilish orqali 2026–2027-yillarda xarajatlarni to‘liq qoplashga erishishini ma’lum qilgan.   Savdo va tashqi bozorga chiqishni kengaytirish O‘zbekistonning xalqaro savdo hajmi so‘nggi yillarda sezilarli o‘sdi: 2017-yildan 2022-yilgacha ikki baravardan ko‘proqqa oshib, YAIMning 71,6 foizini tashkil etdi. Biroq, hali ham faqat 6 foiz korxona o‘z mahsulotini xorijga eksport qilmoqda. Bu ko‘rsatkichni oshirish uchun tashqi bozorlar bilan integratsiyani kuchaytirish kerak.   Jahon bankining O‘zbekiston uchun tavsiyalari: Infratuzilmani yaxshilash:
  • Elektr energiyasi tarmoqlariga ko‘proq sarmoya kiritish, ayniqsa, Toshkent va Qarshi kabi ishlab chiqarish salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarda;
  • Toshkent, Samarqand va Navoiy o‘rtasidagi avtomobil yo‘llarini yaxshilash;
  • Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyatlari o‘rtasida temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, aloqa va yuk tashishni osonlashtirish.
Xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash:
  • Davlat korxonalarini xususiylashtirishni tezlashtirish, bu jarayonni aniq rejaga asoslash va ochiq o‘tkazish;
  • Davlat kompaniyalarining ishini yaxshilash uchun zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy qilish;
  • Kichik va o‘rta biznesga bank kreditlari va boshqa moliyaviy manbalarni olishni osonlashtirish.
Raqobatni kuchaytirish va bozor islohotlari:
  • Ish yuritishni soddalashtirish uchun litsenziya va ruxsat olish tartiblarini yengillashtirish;
  • Telekommunikatsiya, temir yo‘l, elektr energiyasi sohalarida mustaqil nazorat organlarini tashkil etish;
  • Bozorda adolatli raqobatni ta’minlash uchun Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining vakolatlarini kuchaytirish.
Tashqi savdoni kengaytirish:
  • Oziq-ovqat va dori-darmon kabi muhim import mahsulotlariga solinadigan bojlarni kamaytirish yoki bekor qilish;
  • Bojxona jarayonlarini soddalashtirish va raqamli texnologiyalarni joriy qilish;
  • O‘zbekistonni xalqaro savdo zanjirlariga mustahkamroq ulash uchun mintaqaviy davlatlar bilan imtiyozli savdo shartnomalarini kengaytirish;
Logistika tizimini rivojlantirib, ko‘p yo‘nalishli transport tarmoqlari orqali aloqa imkoniyatlarini kengaytirish.   Mehrinoz Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid

Jahon Banki O‘zbekiston xususiy sektorni rivojlantirishga doir islohotlarni ko‘paytirishni tavsiya etmoqda | Vaqt.uz