
Jahon banki O‘zbekistonga 35 mln dollar imtiyozli kredit ajratadi
20.05.2025 | 18:0236794
2025 yil 19 may kuni Jahon bankining Ijroiya direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun geofazoviy ma’lumotlardan foydalanishni yaxshilash loyihasini moliyalashtirish maqsadida 35 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Hukumat tomonidan ham loyihani moliyalashtirish uchun 5,7 mln dollar mablag‘ ajratiladi.

Loyiha shaharlar va hududlar kesimida ma’lumotlarga asoslangan qaror qabul qilishni yengillashtiradi, davlat va xususiy sektor o‘rtasida axborot almashinuvini yaxshilaydi. Hozirgi urbanizatsiya jarayonlari tufayli yer resurslari va infratuzilmaga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Ammo batafsil geofazoviy ma’lumotlar yetishmasligi hokimiyat organlari uchun samarali rejalashtirishda to‘siq bo‘lmoqda.
Tadbirkorlar ham yer uchastkalari va infratuzilmalar haqidagi aniq ma’lumotlar yetishmasligi sababli xavfsiz investitsiya qarorlarini qabul qilishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shu bois 2021 yilda Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasi (FMMI)ni rivojlantirishga qaratilgan qonuniy asos yaratilgan edi.
Loyiha ikki yo‘nalishni o‘z ichiga oladi. Birinchisi — FMMIni rivojlantirish. Uning doirasida uchta yangi ma’lumotni qayta ishlash markazi yaratiladi, milliy geo portal takomillashtiriladi va ma’lumotlar yagona arxitektura asosida standartlashtiriladi.
Ikkinchi yo‘nalishda esa hududiy va munitsipal darajada kartografiya, geodeziya tizimlari modernizatsiya qilinadi. Jumladan, 80 ta GPS referens stansiyalari o‘rnatiladi va yagona manzil reyestri yaratiladi. Shuningdek, Samarqand shahrida 3D modellar va muhandislik kommunikatsiyalar reyestrini yaratish bo‘yicha sinov loyihalari amalga oshiriladi.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Tatyana Proskuryakova ta’kidlashicha, «FMMIni rivojlantirish — iqtisodiy qarorlar samaradorligini oshirishda muhim omil. Ushbu loyiha shundayoq foydalanuvchilarga ishonchli ma’lumotlar taqdim etib, investitsion muhitni yaxshilashga xizmat qiladi.»
Umuman, loyiha geofazoviy ma’lumotlarning shaffofligi va foydalanish imkonini oshirib, xususiy sektor va aholining mulk huquqlarini himoya qilish, yangi investitsiyalarni jalb qilish, zamonaviy infratuzilmalarni shakllantirish uchun zarur poydevorni yaratadi.





