Logo

Jamshid Qo‘chqorov: Geosiyosiy ziddiyatlarga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyotida barqaror o‘sish saqlanib qoldi

Hukumat 2025 yil uchun davlat budjeti ijrosi hisobotini taqdim etdi. Hujjatda iqtisodiy o‘sish, investitsiyalar va ijtimoiy xarajatlar ochiqlandi.

Jamshid Qo‘chqorov: Geosiyosiy ziddiyatlarga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyotida barqaror o‘sish saqlanib qoldi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2025 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot ko‘rib chiqildi.

Hisobotni bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov taqdim etdi. Uning ta’kidlashicha, global iqtisodiyotdagi noaniqliklar va geosiyosiy ziddiyatlarga qaramasdan, mamlakat iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlari saqlab qolingan.

Yakunlangan yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2024 yilga nisbatan 7,7 foizga oshgan. Iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari xizmatlar, qurilish va sanoat sohalari bo‘lgan. Xizmatlar sohasi 14,7 foizga, qurilish tarmog‘i 14,2 foizga, sanoat ishlab chiqarishi esa 6,8 foizga o‘sgan.

Investitsiyalar va savdo

Hisobotda qayd etilishicha, 2025 yilda mamlakatda yillik inflatsiya 7,3 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarga yetgan.

Iqtisodiyotda amalga oshirilgan tarkibiy islohotlar natijasida asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi ham o‘sishda davom etgan.

Yil yakuniga ko‘ra, iqtisodiyotga jami 591,1 trillion so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirilgan bo‘lib, bu 2024 yilga nisbatan 10,5 foizga ko‘pdir.

Budjetning yarmi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan

Moliya vaziriga ko‘ra, Davlat budjeti daromadlari rejaga nisbatan 116,6 foizga bajarilgan. Budjet xarajatlari esa 99,3 foiz darajasida ijro etilgan.

Davlat budjeti mablag‘larining 47 foizi yoki 180,4 trillion so‘mi ijtimoiy soha xarajatlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.

Ushbu xarajatlarning 86,5 foizi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek uy-joy bilan ta’minlash dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.

Teglar

Mavzuga oid