
Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga 10 ming dollar talab qilgan shaxs qo‘lga olindi
Namanganda konsalting firma rahbari tanishlari orqali xorijiy davlatga ishga yuborishni va’da qilib fuqaroning ishonchiga kirgan.

Namangan viloyatida noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida bir nechta qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Namangan shahrida faoliyat yuritgan konsalting firmalaridan birining rahbari 2001 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaroni ishonchiga kirib, tanishlari orqali uni Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishini aytgan. Ushbu «xizmat» evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilingan bo‘lib, kelishuvning avvalida 1,5 ming dollar olgan vaqtida gumonlanuvchi ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Namangan shahridagi yana bir konsalting firmasi ish yurituvchisi ham shunga o‘xshash yo‘l bilan fosh etildi. U o‘z tanishlari orqali To‘raqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi, 1998 yilda tug‘ilgan fuqaroni Latviyaga ishga yuborishni va’da qilib, 2 ming AQSH dollarini olgan paytida qo‘lga olindi.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, aybdorlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi asosida tergov harakatlari olib borilmoqda. Vakolatli organlar fuqarolarni hushyor bo‘lishga chaqirib, xorijda ishlash masalasida faqat rasmiy manbalarga murojaat qilishni tavsiya qilmoqda.





