add

Jarimaga tortilgan Jaloliddin Ahmadaliyev, o‘zbeklarning havoga ketgan 740 ming yevrosi va ko‘rinish bergan Sardor Umurzoqov — 10 iyul dayjesti

10.07.2025 | 22:0030819

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Jarimaga tortilgan Jaloliddin Ahmadaliyev, o‘zbeklarning havoga ketgan 740 ming yevrosi va ko‘rinish bergan Sardor Umurzoqov — 10 iyul dayjesti
2024 yilda o‘zbekistonliklar Shengen vizasi uchun rekord darajada ariza topshirdi 2024 yilda o‘zbekistonliklar tomonidan Shengen vizasi uchun 58 691 ta ariza topshirildi — bu 2023 yilga nisbatan 26% ko‘p. Shuncha arizadan 88% — ya’ni 51 604 tasi ma’qullangan. Eng ko‘p viza Germaniya tomonidan berilgan: 19 329 arizaning 15 525 tasi tasdiqlangan. Viza arizalari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 35-o‘rinni egalladi. Bolgariya eng yuqori ma’qullash darajasini (133,4%) ko‘rsatgan bo‘lsa, Shveysariya birorta ham ariza qabul qilmagan. Shu bilan birga, 2024 yilda arizalarning 32,88% rad etilgan, bu 2023 yilga nisbatan 21% ko‘proq. O‘zbekistonliklar arizalar uchun jami 4,7 mln yevro to‘lashgan, shundan 740 ming yevrosi rad etilgan arizalarga to‘g‘ri kelgan. 2014 yildan beri esa Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston fuqarolaridan taxminan 26 mln yevro yig‘im olgan. Bu raqamlar mamlakatda Shengen vizasiga bo‘lgan talab ortib borayotganini ko‘rsatadi.   Jaloliddin Ahmadaliyev jarimaga tortildi Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev bir necha she’rdan muallif ruxsatisiz foydalangani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, u Shohrux Abduvohidovga tegishli «Yurak», «Meni deb oqardi sochlaring ona», «Ko‘zlaringni qizg‘anma mendan» va «Barchasini Xudoga soldim» kabi she’rlarni shartnomasiz ijodiy mahsulot sifatida ishlatgan. Bu holat yuzasidan 177(1)-modda asosida rasmiy bayonnoma tuzilib, ish sudga yuborildi va natijada xonandaga jarima tayinlandi. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, mualliflik huquqi buzilgan taqdirda zararni qoplash bilan birga, huquqbuzardan BHMning 20 barobarigacha to‘lov talab qilinishi mumkin. Adliya vazirligi ijodkorlarni muammoli vaziyatlarda «1008» raqami yoki [info@adliya.uz](mailto:info@adliya.uz) manzili orqali murojaat qilishga chaqiradi. Ma’lumot uchun, bungacha xonanda Botir Qodirov ham shunga o‘xshash holat sabab 132 mln so‘m jarimaga tortilgan edi.   O‘zbekistonda 40-50 yillik avtomashinalar iste’moldan chiqarilishi mumkin O‘zbekistonda 40–50 yillik avtomashinalarni iste’moldan chiqarish bo‘yicha taklif ilgari surildi. «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirovga ko‘ra, bu masala 9 iyul kuni davlat rahbari ishtirokida o‘tgan videoselektorda muhokama qilingan. Qodirov hatto 25–30 yildan oshgan transport vositalarini cheklash g‘oyasini ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Biroq u aholi uchun qulay almashtirish mexanizmlari ham bo‘lishi shartligini ta’kidladi. Yig‘ilishda shuningdek, «Surunkali qoidabuzarlar» dasturini joriy etish, xizmat mashinalaridan shaxsiy maqsadda foydalanishni cheklash va nomunosib parkovkalar uchun jazoni kuchaytirish taklif qilindi. Qodirov harakat tezligi belgilanishida sharoit va vaqtni inobatga olish zarurligini qayd etdi. 2030 yilgacha Toshkent, Nukus va boshqa viloyat markazlarida «Yevro-5» talabiga javob bermaydigan avtomashinalarni iste’moldan chiqarish yuzasidan qonunchilik o‘zgarishlari muhokama qilinmoqda.   Prezidentning Chilonzorga tashrifida Sardor Umrzoqov ham ko‘rinish berdi Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridan Chilonzor tumanidagi sanoat hududiga tashrif buyurib, iqtisodiy faoliyat va ishlab chiqarish loyihalari bilan tanishdi. U 2023 yilda tashkil etilgan 320 gektarlik kichik sanoat zonasidagi infratuzilma, eksport salohiyati va ish o‘rinlarini baholadi. Bu yerdagi 531 korxonada qariyb 20 ming ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, ular 6,8 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarmoqda. Yil oxirigacha 50 korxona 180 million dollarlik eksport amalga oshirishi rejalashtirilgan. () Tashrif chog‘ida Prezident “Tarleplast” korxonasi faoliyatini ko‘zdan kechirdi, u yerda Yevropadan keltirilgan uskunalarda yiliga 90 ming tonna temir quvur va po‘lat profillar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, istiqboldagi 100 ta yangi loyiha, 3 mingta yangi ish o‘rni va monomarkaz qurilishi muhokama etildi. Bu tashrifda so‘nggi ikki yilda ilk bor Prezidentning maxsus maslahatchisi Sardor Umrzoqov ham ishtirok etdi.   Toshkentda quvur yorilishidan 3 kishi jarohat oldi 10 iyul kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi Farobiy ko‘chasida D-800 millimetrli issiqlik ta’minoti quvuri yorilib, oqibatda 3 kishi yengil jarohat oldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hodisa kommunal tarmoqdagi issiq suv tizimini bosim ostida tekshirish vaqtida sodir bo‘lgan. Jarohatlangan fuqarolarga hodisa joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan va shifoxonaga murojaat qilishga ehtiyoj tug‘ilmagan.  Quvur yorilishi sababli kommunal xizmatlarning avariya-tiklash brigadalari hodisaning oqibatlarini bartaraf etish ishlarini olib bormoqda. Voqea joyiga FVB, SSB va boshqa mas’ul idoralar jalb qilingan. Mazkur hodisa kommunal infratuzilmadagi rejali ishlarning xavfsizlik choralariga rioya qilinmasligi oqibatida yuzaga kelgan holat sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid