add

Kadastr agentligi korrupsiyadan shikoyat qilgan tadbirkorning ayblovlariga rasmiy javob berdi

05.09.2025 | 09:304933

Kadastr agentligi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videomurojaatga munosabat bildirib, ruxsatnomalardagi ishtirok haqidagi da’volarni asossiz deb atadi.

Kadastr agentligi korrupsiyadan shikoyat qilgan tadbirkorning ayblovlariga rasmiy javob berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Tadbirkor qurilishdagi korrupsiya haqida» nomli videopost yuzasidan Kadastr agentligi rasmiy bayonot e’lon qildi. Bayonotda agentlik tadbirkor tomonidan ilgari surilgan ayblovlarni qat’iy rad etgan.

Kadastr agentligi ma’lum qilishicha, qurilish uchun ruxsatnoma berish jarayonlarida ular ishtirok etmaydi. Tadbirkor videoda keltirgan holatdagi ayrim jarayonlar noto‘g‘ri talqin qilingan. Xususan, yer sotib olingach, kadastr idoralari faqat yerga bo‘lgan huquqni ikki ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tkazib beradi — bu qurilishga ruxsatnoma berish degani emas.

Qo‘shimcha qilinishicha, kadastr idoralari qurilish ishlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng, ko‘chmas mulkni o‘lchab, kadastr pasportini shakllantiradi. Keyin faqat tegishli davlat tashkilotlari foydalanishga ruxsat bergandan so‘nggina, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatiga olinadi.

Agentlik tizimda shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilayotganini qayd etar ekan, korrupsiya holatlarini keskin qoralashini bildirgan. Shu bilan birga, fuqarolar va tadbirkorlarga murojaat qilib, agar haqiqatdan ham korrupsiya holatiga duch kelsalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish zarurligini uqtirgan.

«O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, pora olgan ham, bergan ham javobgarlikka tortiladi», — deyiladi rasmiy munosabatda.

Teglar

Mavzuga oid

Kadastr agentligi korrupsiyadan shikoyat qilgan tadbirkorning ayblovlariga rasmiy javob berdi | Vaqt.uz