add

Kanadaga viza, Ukraina urushiga ketgan o‘zbek, abituriyentlar uchun xushxabar — 7 iyul dayjesti

07.07.2025 | 22:0048488

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Kanadaga viza, Ukraina urushiga ketgan o‘zbek, abituriyentlar uchun xushxabar — 7 iyul dayjesti
Abituriyentlarga ruxsatnomalarni berish boshlandi O‘zbekistonda 2025 yilgi test sinovlarida ishtirok etadigan abituriyentlar uchun ruxsatnomalarni berish jarayoni boshlandi. «Abituriyent ruxsatnomasi»ni my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabinetidan yuklab olishi mumkin. Shuningdek, shaxsiy kabinetga kirmasdan ham my.uzbmb.uz manzili orqali pasport seriyasi va raqami hamda JSHSHIR raqamini kiritish orqali ruxsatnomani olish mumkin.   Saida Mirziyoyeva Markaziy Osiyoda birinchi — u Zayed mukofoti hakamlaridan biri bo‘ldi Zayed insoniyat birodarligi mukofoti tashkilotchilari 2026 yilgi sovrindorni aniqlaydigan xalqaro hakamlar hay’atining yangi a’zolarini rasman e’lon qildi. Joriy hay’at tarkibida Markaziy Osiyodan ilk bor O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham a’zo sifatida qatnashmoqda. «Ushbu nufuzli hakamlar hay’atiga Markaziy Osiyodan ilk a’zo sifatida qo‘shilayotganimdan behad mamnunman. Hay’atdagi hamkasblarim bilan birgalikda butun dunyoda jamiyatlarni yuksaltiryotgan va dolzarb muammolarni hal etayotgan e’tirof etilmagan gumanitar qahramonlarni tan olishni maqsad qilganmiz», deb munosabat bildirdi Saida Mirziyoyeva.   O‘zbekistonliklarning Kanada, Argentina va Avstraliya vizalarini olish tartibi yengillashishi mumkin O‘zbekiston fuqarolari Kanada, Argentina va Avstraliya kabi davlat vizalarini olishda yaqin vaqtlarda yengillashtirilgan tartibdan foydalanishi mumkin. Tashqi ishlar vazirligida «VFS Global» xalqaro kompaniyasining MDH va Sharqiy Yevropa mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Shubham Mishra hamda O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Temur To‘ychiyev bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bu masala muhokama qilindi. Uchrashuvda O‘zbekiston hududlarida «VFS Global» ofislari tarmog‘ini kengaytirish, shuningdek, jamoaviy guruhlar arizalari bo‘yicha sayyor qabullarni tashkil etish mexanizmlari yuzasidan kelishuvga erishildi. Bu xizmat to‘lovli bo‘lib, chekka hududlarda yashovchi fuqarolarga Toshkent yoki Samarqandga bormasdan viza olish imkonini yaratadi. Shuningdek, O‘zbekistonda konsulliklari mavjud bo‘lmagan davlatlar vizalarini rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Chunki bunday hollarda viza olish ortiqcha vaqt va xarajat talab etadi. Shu bois O‘zbekiston tomoni viza rasmiylashtirish jarayonlarining bir qismini mamlakat ichiga ko‘chirishni taklif etdi. Jumladan, «VFS Global» mahalliy ofislari orqali biometrik ma’lumotlar topshirish va onlayn suhbatlar o‘tkazish imkoniyatlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi. Bu orqali vizalarni olish jarayoni soddalashishi va fuqarolar uchun qulaylik yaratilishi kutilmoqda.   Boksda yangi sahifa: Navbahor Hamidova o‘zbek ayollari uchun tarix yozdi Ostona shahrida o‘tkazilgan boks bo‘yicha Jahon kubogida o‘zbekistonlik sportchi Navbahor Hamidova tarixiy natija qayd etdi. U mazkur musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbek ayol bokschisiga aylandi. Milliy Olimpiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Hamidova final bosqichida Olimpiada va uch karra jahon chempioni bo‘lgan turkiyalik Busenaz Surmenelini to‘liq ustunlik bilan — 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu g‘alaba bilan Hamidova avvalgi 2 mag‘lubiyat uchun revansh olgan.   Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzgan o‘zbekistonlik erkak qamaldi Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzgan o‘zbekistonlik erkak besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. U 2018 yilda Rossiyaga ishlash uchun ketgan, Rossiya fuqaroligini olgan va bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston fuqaroligini saqlab qolgan. Erkak 2024 yil iyulida Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzib, 18 iyul kuni Luhansk shahriga yuborilgan. U 27 iyul kuni raketa zarbasida yaralanib, harbiy gospitalda davolangan va sentyabr oyida vaqtincha yaroqsiz deb topilgan. 7 dekabrda u Samara – Toshkent aviareysi orqali O‘zbekistonga qaytgan. O‘zbekistonga kelganida uning shaxsiy telefonida jangovar harakatlarda ishtirok etganini va Rossiya armiyasidan 3 million rubl pul mukofoti olganini tasdiqlovchi fotosurat va hujjatlar topilgan. O‘zbekiston Oliy sudi uni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi («Yollanish») bo‘yicha aybdor deb topib, besh yilga ozodlikdan mahrum qildi. Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari xorijiy armiyalarda yollanma asosida xizmat qilishi taqiqlanadi.

Teglar

Mavzuga oid