Karlson: Amerika yetakchilari Netanyahuning talablarini bajarish o‘rniga, qat’iy pozitsiyani egallashlari lozim
Amerikalik jurnalistning fikricha, Isroilni qo‘llab-quvvatlash AQSH manfaatlariga zarar yetkazadi.

Amerikalik jurnalist Taker Karlson AQSHning ichki muammolari fonida Isroilga ko‘rsatilayotgan haddan tashqari katta e’tiborni tanqid qildi. U bu haqda Isroilga tashrifidan so‘ng Saudiyaning «Rotana Khalijiyya» telekanaliga bergan intervyusida to‘xtalib o‘tdi.
Isroil — AQSH uchun «yuk»
«Isroil AQSH uchun juda katta yuk. Aslida, bu bizning chegaralarimizdan tashqarida duch kelayotgan eng jiddiy yukdir», — dedi jurnalist.
Karlson ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar AQSHga zarar keltirayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, u Isroil hukumatini ayblamasligini, chunki u o‘z mamlakati manfaatlaridan kelib chiqib harakat qilayotganini ta’kidladi.
«(Isroil bosh vaziri Binyamin) Netanyahu o‘z mamlakatiga barcha imkoniyatlar bilan yordam berishga harakat qilmoqda va bu yo‘lda AQSHdan foydalanyapti», — dedi u.
Eron masalasida bosim
Jurnalist Amerika yetakchilari nima uchun bunday vaziyatga yo‘l qo‘yib berayotganini tushunmasligini qo‘shimcha qildi.
«Hozirgi vaqtda AQSHdagi ko‘plab Isroil tarafdorlari Eronda rejimni o‘zgartirish uchun Amerika resurslarini urushga safarbar qilish maqsadida ulkan bosim o‘tkazmoqda. Isroil nomidan Eron hukumatini ag‘darish — yangi Eronni barpo etish emas, balki shunchaki hokimiyatdagilarni chetlashtirish va yaxshiroq kelajakdan umid qilib tartibsizliklar keltirib chiqarish — qanday qilib AQSH manfaatlariga mos kelishi mumkin?», — deya savol qo‘ydi Karlson.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yondashuv na AQSH va na mintaqa davlatlari manfaatlariga xizmat qiladi. Uning fikricha, bu hatto Isroilning uzoq muddatli manfaatlariga ham ziddir.
Vashingtonga chaqiriq
Karlson AQSH iqtisodiyot, milliy birlik va migratsiya masalalarida jiddiy muammolarga duch kelayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, Amerika yetakchilari Netanyaxuning talablarini bajarish o‘rniga, qat’iy pozitsiyani egallashlari lozim.
«Agar Eron hukumatini portlatishni istasangiz — omad tilayman. Bu bizning ishimiz emas», — dedi u.
Bundan tashqari, jurnalist ayrim amerikalik siyosatchilarning o‘z mamlakatidan ko‘ra Isroilga ko‘proq sadoqat ko‘rsatayotganini aytib, buni xiyonat deb atadi. Karlson senatorlar Ted Kruz va Lindsi Gremni tanqid qilib, ularni Isroil manfaatlarini o‘z saylovchilari manfaatlaridan ustun qo‘yishda aybladi.




