add

Katta puldan voz kechgan Yusupov, muhokamalarda qolgan Murod Nazarov va Toshkentdagi arzon uylar — 18 iyul dayjesti

18.07.2025 | 22:0048588

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Katta puldan voz kechgan Yusupov, muhokamalarda qolgan Murod Nazarov va Toshkentdagi arzon uylar — 18 iyul dayjesti
O‘tkir Yusupov JCH uchun katta shartnomadan voz kechdi — OAV O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Eronning «Fo‘lod» klubi darvozaboni O‘tkir Yusupov katta mablag‘ taklif qilingan shartnomadan voz kechib, joriy jamoasida qolishni ma’qul ko‘rdi. Unga Tehronning nufuzli «Istiqlol» klubi rasman taklif yo‘llagani va shartnoma moliyaviy jihatdan manfaatli ekani ma’lum qilingan. Futbolchining bunday qaror ortidagi asosiy sabab — milliy terma jamoadagi o‘rnini saqlash va Jahon chempionatiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish ekani aytilmoqda. Yangi muhitga moslashishdagi ehtimoliy qiyinchiliklarni inobatga olgan Yusupov barqarorlik va sport formasini ustuvor deb bilgan.   Oliy sud raisining ikki o‘rinbosari zararkunandalarga qarshi sepilgan doridan zaharlangani aytilmoqda Vaqt.uzʼning bir biridan mustaqil ikki manbasiga ko‘ra, Oliy sud raisining ikki o‘rinbosari sud binosida zararkunandalarga qarshi qo‘llangan kimyoviy modda ta’sirida zaharlangan bo‘lishi mumkin. Ular dori sepilganini bilmagan holda binoda ish boshlagan va biroz vaqt o‘tgach, salomatliklarida muammolar sezilib, shifokorlarga murojaat qilishgan. Xabarlarga ko‘ra, o‘rinbosarlardan biri tuzalib, ishga qaytgan, ikkinchisi esa hozircha davolanmoqda. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov esa ushbu ma’lumotlarni rad etdi. Uning ta’kidlashicha, sud rahbariyatining barcha a’zolari sog‘-salomat va ish faoliyatini davom ettirmoqda. Shuningdek, sud binosida pandemiya davridan buyon hech qanday dezinfeksiya ishlari o‘tkazilmagani, tarqalgan xabarlar asossiz ekanini ma’lum qildi.   «Taklif berayotgan daraxt ekib, bog‘ yaratganmi?» — faollar Murod Nazarovning so‘zlariga munosabat bildirdi Tadbirkor Murod Nazarov 17 iyul kuni moratoriyga qarab daraxt kesishni taqiqlash korrupsiyani rag‘batlantirayotganini ta’kidladi. U kesishga ruxsat berish, ammo oldindan daraxt ekishni majburiy qilishni taklif qildi. Nazarovga ko‘ra, texnik ehtiyojlar sabab daraxtlar baribir kesilyapti, shuning uchun kesishni qonuniylashtirib, uni nazorat ostiga olish maqsadga muvofiq. Uning bu bayonoti jamoatchilikda qattiq tanqidlarga sabab bo‘ldi. Iqtisodchilar, urbanistlar va faollar shaharlar barqaror rivojlanishi uchun yashil hududlarni saqlash, qurilishlar uchun moratoriyni bekor qilish emas, balki uni kuchaytirish zarurligini ta’kidlashdi. «Taklif bergan developer o‘z bog‘ini yaratganmi?» degan savollar bilan chiqishgan faollar, hozirda mavjud ozgina yashil hududlar ham qurilishlarga qurbon bo‘layotganini keskin tanqid qilishdi.   Toshkentda uy sotib olishda eng arzon tumanlar ma’lum qilindi 2025 yilning birinchi yarmida Toshkent shahrida ikkillamchi uy-joy bozorida uy narxlari 5 foizgacha pasaydi. Ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Chilonzor tumanlarida narxlar ancha tushgani sababli, uy sotib olish uchun qulay imkoniyat paydo bo‘ldi. Yangi qurilgan uylar Uchtepa, Yunusobod va Shayxontohur tumanlarida arzonlashgan. Shu bilan birga, ijara narxlari umumiy barqarorligini saqlab qolgan — o‘rtacha 1 kvadrat metr uchun 8 dollar atrofida. Uchtepa, Yashnobod va Chilonzorda ijara pastlashgan bo‘lsa, Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroyda yuqori narxlar qayd etilgan. Hukumat ipoteka shartlarini yengillashtirgan — foiz stavkalarning markaziy bank stavkasi ortiqcha qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.   Toshkent bosh rejasiga o‘zgartirish kiritilishi mumkin — bu developer og‘zidan yangradi Toshkent shahrining 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasiga o‘zgartirish kiritilishi mumkin. Bu haqda 17 iyul kuni qurilishchilar ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi. Tadbirda developer Murod Nazarov rejaga tuzatishlar kutilyotganini aytdi. Mas’ullar ayrim uchastkalarda 5 qavatli limitga qaramay, 16 qavatli binolar qurilayotganini tasdiqladi va yangi me’yorlar ishlab chiqilishi kerakligini ta’kidlashdi. Jamoatchilik va mutaxassislar, jumladan iqtisodchi Otabek Bakirov, reja tasdiqlanganiga hali bir yil ham to‘lmasdan o‘zgartirish muhokama etilayotganini xavotir bilan qarshi oldi. Ular qurilish lobbilarining bosimi va rejada ko‘zda tutilgan me’yorlarning buzilishi xalqaro standartlarga zid ekanini urg‘ulamoqda. Yangi reja loyihalari faqat ilmiy ekspertiza va seysmik xavfsizlikni hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerakligi ta’kidlanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Katta puldan voz kechgan Yusupov, muhokamalarda qolgan Murod Nazarov va Toshkentdagi arzon uylar — 18 iyul dayjesti | Vaqt.uz