Logo

«Kelajakdan maktub»: Olimlar anomal issiq kunlar bo‘lishini aytmoqda

Bugun 17:075 daqiqa

2026–2027 yillarda jazirama kunlar soni odatiy yillarga qaraganda 44 foizga ko‘payishi mumkin.

«Kelajakdan maktub»: Olimlar anomal issiq kunlar bo‘lishini aytmoqda © RBK

2026 yilda kuzatilayotgan kuchli «super El-Nino» dunyo bo‘ylab haroratning keskin oshishiga sabab bo‘lmoqda. «Climate Impact Lab» xalqaro tadqiqotlar guruhi tomonidan 23-sentabr kuni e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, ushbu tabiiy hodisa 2026 yilning iyun oyidan 2027 yilning fevral oxirigacha odatiy yillarga nisbatan 451 mingtagacha qo‘shimcha o‘limga sabab bo‘lishi ehtimoli bor.

451 ming o‘lim qanday hisoblangan?

«Climate Impact Lab» tadqiqotchilari ushbu prognozni dunyoning 24 378 ta hududida harorat va o‘lim ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganish orqali ishlab chiqdi. Bunda har bir hududning iqlimi va aholining zaif qatlamlari inobatga olingan. So‘ng mazkur natijalar harorat prognozlari bilan birlashtirilib, El-Nino tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha o‘limlar 1996–2025 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichlar bilan solishtirilgan.

Tadqiqot mualliflarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026–2027 yillarda jazirama kunlar soni odatiy yillarga qaraganda 44 foizga ko‘payishi mumkin. «451,000 kishi xavf ostida: Super El-Nino davrida qanday choralar hayotni saqlab qolishi mumkin» nomli hisobot mualliflari joriy El-Ninoni «kelajakdan maktub» deb ta’riflagan. Ularning ta’kidlashicha, hozir kuzatilayotgan g‘ayritabiiy harorat bir necha o‘n yil ichida odatiy holga aylanib qolishi hech gap emas.

Super El-Nino nima?

El-Nino — Tinch okeanining ekvator bo‘ylab markaziy va sharqiy qismlarida suv yuzasi harorati o‘rtacha ko‘rsatkichdan kamida 0,5 daraja Selsiyga yuqori bo‘ladigan tabiiy iqlim jarayonidir. U bir necha yilda bir marta yuzaga keladi va issiq faza (El-Nino) hamda sovuq faza (La-Ninya)dan iborat tabiiy iqlim siklining ajralmas qismi hisoblanadi.

El-Nino paytida okean suvlarining isishi dunyo miqyosidagi ob-havo jarayonlarini sezilarli darajada o‘zgartirib yuborishi mumkin. Mutaxassislarning qayd etishicha, okean yuzasi harorati bir necha oy davomida 2 daraja Selsiy yoki undan yuqori bo‘lsa, bunday hodisa «super El-Nino» deb tasniflanadi. Joriy El-Nino o‘tgan oyda 2,7 darajaga yetgan bo‘lsa, ayrim prognozlarga ko‘ra, noyabr–dekabr oylarida u o‘zining cho‘qqisiga chiqib, harorat 4 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

Nega bu yilgi El-Nino shunchalik kuchli?

Buyuk Britaniyaning «Reading» universiteti qoshidagi Milliy atmosfera ilmi markazi va Meteorologiya departamenti katta tadqiqotchisi Akshay Deorasning tushuntirishicha, El-Ninoning rivojlanishi atmosfera va okean o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirga bevosita bog‘liq. Odatda shamollar Indoneziya tomon esib, issiq suvni o‘sha hududda to‘playdi. Ammo shamollar kuchsizlansa yoki yo‘nalishini o‘zgartirsa, Indoneziya tomonidan kuchli shamollar turib, katta miqdordagi iliq suvning okeanning sharqiy qismiga siljishiga sabab bo‘ladi.

Deorasning aytishicha, joriy yil bahorida aynan Indoneziya tomonidan esgan kuchli shamollar ulkan hajmdagi issiq suv massasini siljitib, super El-Ninoning shakllanishiga zamin yaratgan.

Dunyoda ob-havo qanday o‘zgarishi mumkin?

Mutaxassislar hozirgi super El-Ninoning butun dunyoga qanday oqibatlar olib kelishini oldindan aniq aytish mushkulligini ta’kidlamoqda. Buyuk Britaniya Meteorologiya xizmatining uzoq muddatli prognozlash bo‘limi rahbari Adam Skayfning so‘zlariga ko‘ra, olimlar mazkur hodisaning ta’siri uning kuchiga mutanosib bo‘ladimi yoki yo‘qligini o‘rganmoqda. Biroq El-Ninoning dunyo bo‘ylab kutilgan asoratlari allaqachon namoyon bo‘la boshlagan.

Tarixiy ma’lumotlarga tayanilsa, El-Nino global yog‘ingarchilik taqsimotini keskin o‘zgartirishi mumkin. Bu davrda Markaziy va Janubiy Amerikaning shimoliy qismlari, g‘arbiy Tinch okeani hamda Hindistondagi yozgi musson ta’siri ostidagi hududlarda yog‘ingarchilik miqdori kamayishi ehtimoli bor. Janubiy Afrikada esa qurg‘oqchilik xavfi ortadi.

Shuningdek, El-Nino Atlantika okeanida tropik siklonlar faolligini ham pasaytiradi.

Oziq-ovqat ta’minotiga ham ta’sir qilishi mumkin

Yog‘ingarchilik miqdoridagi bunday keskin o‘zgarishlar bevosita qishloq xo‘jaligiga ham zarba beradi. Tabiiy yetishtirish va hosilni yig‘ishtirib olish mavsumlarining o‘zgarishi oqibatida agrar soha katta zarar ko‘rishi, bu esa global oziq-ovqat ta’minotida jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi prognoz qilinmoqda.

Nega o‘limlar soni bunchalik katta bo‘lishi mumkin?

Akshay Deorasning ta’kidlashicha, El-Ninoning asosiy xavflaridan biri — atmosferaga katta miqdorda issiqlik chiqarishidir. Yuqori harorat ekstremal yog‘ingarchilik va boshqa keskin ob-havo injiqliklarini keltirib chiqaradi. Super El-Nino esa bunday hodisalarning nafaqat sonini, balki kuchi va halokatlilik darajasini ham oshirishi mumkin.

Shu sababli, tadqiqotchilar kelasi bir necha oy ichida dunyo bo‘ylab ekstremal ob-havo hodisalari ko‘payishi va buning oqibatida o‘lim holatlari ortishi, infratuzilmaga zarar yetib, katta iqtisodiy yo‘qotishlar kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Eng katta xavf qaysi mamlakatlarda?

«Climate Impact Lab» hisobotiga ko‘ra, jazirama bilan bog‘liq qo‘shimcha o‘limlarning asosiy qismi Global Janub mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Tadqiqotda eng ko‘p qurbonlar Nigeriyada (31 400 ta), Indoneziyada (19 300 ta) va Sudanda (17 600 ta) kuzatilishi prognoz qilingan.

Afrikaning Saxel mintaqasi, xususan, Niger, Chad, Nigeriya va Sudanda g‘ayritabiiy issiq tufayli qo‘shimcha 66 800 ta o‘lim qayd etilishi mumkinligi hisob-kitob qilingan. Filippin, Veitnam, Tailand va Kambojada esa bu ko‘rsatkich umumiy hisobda 19 400 ta atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Agar El-Ninoning ta’siri kelasi yilgacha cho‘zilsa, qurbonlar soni yanada ortishi mumkin. Bunda Shimoliy yarimshardagi Hindiston va Pokiston kabi mamlakatlar yoz oylarida alohida xavf ostida qoladi.

Ammo 451 ming raqami aniq prognoz emas

«Al Jazeera» nashri mazkur raqamlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerakligini ta’kidlagan. Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha «E3G» tahlil markazi rahbari Tom Byork bu ko‘rsatkichni hatto «juda ehtiyotkor hisob-kitob» deb baholagan. Boisi, hisobot asosan issiqlikning bevosita ta’siridan kelib chiqadigan o‘limlarnigina qamrab olgan. Amalda esa yong‘inlar va suv toshqinlari ham qo‘shimcha qurbonlarga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘z navbatida, «Reading» universiteti tadqiqotchisi Akshay Deoras hisobotdagi raqamlarni «subyektiv» deb atab, o‘lim holatlarining hududlar bo‘yicha taqsimlanishiga shubha bildirgan. Uning fikricha, Hindistonda 2027 yilning fevraliga qadar 15 mingdan ortiq qo‘shimcha o‘lim kutilayotgani unchalik ishonchli emas, chunki bu mamlakatda halokatli issiqlik to‘lqinlari asosan yoz faslida kuzatiladi.

Shunga qaramay, Deoras ham kelasi 12 oy davomida El-Nino tufayli o‘lim holatlari, infratuzilmaga zarar va iqtisodiy yo‘qotishlar ko‘payishi ehtimoli yuqori ekanini tasdiqlagan.

Iqlim o‘zgarishi bu jarayonni qanday kuchaytiradi?

«Imperial College London» professori Friderike Ottoning xulosasiga ko‘ra, global iqlim o‘zgarishi El-Ninoning dunyodagi ta’sirini yanada og‘irlashtirmoqda. El-Nino kelgusi oylarda global harorat va ekstremal ob-havo injiqliklarini oshirsa, iqlim o‘zgarishi bu asoratlarni ikki karra kuchaytiradi.

Olimning ta’kidlashicha, El-Nino tabiiy ravishda paydo bo‘lib, ma’lum vaqtdan so‘ng chekinadigan hodisa. Ammo iqlim o‘zgarishi — uzluksiz jarayondir. Qazib olinadigan yoqilg‘ilardan foydalanish tezroq to‘xtatilmas ekan, iqlim o‘zgarishi keltirib chiqarayotgan issiqlik muttasil oshib boraveradi.

Teglar

Mavzuga oid