Logo

Ketma-ket o‘zgarayotgan narxlar: AES O‘zbekistonga qancha tushadi?

O‘zbekistonning birinchi atom elektr stansiyasi loyihasi qariyb sakkiz yil davomida bir necha bor qayta ko‘rib chiqildi. Qurilish rasman boshlangan bo‘lsa-da, loyiha qiymati, moliyalashtirish manbalari va yakuniy xarajatlar atrofidagi savollar hanuz dolzarbligicha qolmoqda. VAQT.UZ AES qurilishi bo‘yicha qabul qilingan qarorlar, o‘zgargan rejalar va e’lon qilingan milliardlab dollar haqidagi bayonotlarni bir joyga jamladi.

Ketma-ket o‘zgarayotgan narxlar: AES O‘zbekistonga qancha tushadi?

4-iyun kuni O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari mamlakat tarixidagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishiga rasman start berdi. Shu kuni «O‘zatom» rahbari Azim Ahmadxo‘jayev loyihaning bazaviy qiymati 9,5 mlrd dollarga baholanganini ma’lum qildi.

Bu raqam birinchi marta integrallashgan AESning umumiy qiymati sifatida rasman tilga olinmoqda. Biroq loyihaning turli bosqichlarida e’lon qilingan raqamlar bir-biridan keskin farq qiladi.

Xo‘sh, bugun qurilishi boshlangan AES aslida qanchaga tushadi va raqamlar nega doim turlicha ko‘rsatib kelinmoqda?

AES haqidagi birinchi yirik hisob-kitoblar 2018 yilda paydo bo‘lgandi. O‘sha vaqtda O‘zbekiston va Rossiya har biri 1200 MW quvvatga ega ikkita energoblok qurish rejasini e’lon qilgan edi.

O‘shanda loyihaning taxminiy bahosi 11 mlrd dollar deb baholangan, stansiyaning o‘zini esa 2028 yilgacha ishga tushirish rejalashtirilgan.

Biroq keyingi yillarda muzokaralar cho‘zilib ketdi. 2019 yilda qabul qilingan atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasi qurilishni 2022 yilda boshlashni nazarda tutgan bo‘lsa-da, asosiy shartnoma imzolanmadi.

COVID-19 pandemiyasi va Rossiya–Ukraina urushi ham loyihaning sekinlashishiga ta’sir qildi. Shunday bo‘lsa-da, olti yillik muzokaralardan keyin 2024 yilda jiddiy harakatlar boshlangan.

Vladimir Putinning 2024 yil may oyidagi Toshkentga tashrifi vaqtida tomonlar kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Dastlabki rejaga ko‘ra, har biri 55 MVt quvvatga ega oltita reaktor qurilishi ko‘zda tutilgan edi.

O‘sha paytda «O‘zatom» rahbariyat kichik AES qurilishi 2 mlrd dollardan oshmasligini bildirgan. Bu avval tilga olingan 11 mlrd dollarlik loyihadan bir necha baravar kichik ko‘rsatkich edi.

Loyiha yana o‘zgardi

Biroq oradan bir necha oy o‘tib, 2024 yil oktabrida konsepsiya yana qayta ko‘rib chiqilishi haqida bayonotlar paydo bo‘ldi.

Avval rejalashtirilgan oltita reaktor o‘rniga endi har biri 55 MW quvvatga ega ikkita RITM-200N reaktorini o‘rnatish belgilandi. Natijada stansiyaning umumiy quvvati 330 MW'dan 110 MW'tgacha, ya’ni uch baravar qisqardi.

Shunga qaramay, loyiha qiymati qanchaga kamaygani rasman ochiqlanmadi. Keyinchalik AES qurilishi direksiyasi rahbariyati mazkur loyiha 1 mlrd dollardan oshmasligini ma’lum qildi.

Ikki reaktor o‘rniga to‘rt energoblok

2025 yilda tomonlar yana yangi formatni tanladi. Bu safar ritorika endi faqat kichik AES haqida emas, balki integrallashgan atom majmuasiga o‘zgardi. Yangi loyiha ikkita RITM-200N reaktori va ikkita VVER-1000 reaktoridan iborat bo‘ladi.

Aynan shu konfiguratsiya bugun qurilayotgan obyektning asosini tashkil etadi.

Shu sababli avval tilga olingan 1 mlrd yoki 2 mlrd dollarlik raqamlar endi butun majmua uchun emas, balki kichik AES bosqichiga tegishli hisoblanadi.

4-iyun kuni e’lon qilingan 9,5 mlrd dollar esa aynan integrallashgan loyihaning umumiy bahosi sifatida taqdim etildi.

Ammo ayrim manbalar Jizzaxda quriladigan AES qiymati uchun boshqa raqamlarni taqdim qilgan. Xususan, loyihani amalga oshirayotgan Enter Engineering, Eriell Group va Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) kompaniyalari 24,4 milliard dollarlik buyurtma qabul qilgan. Mahalliylashtirishning 30 foizlik maqsadli ko‘rsatkichi inobatga olinganda, kichik AES qurilishining o‘zi 35 milliard dollarga yetishi mumkinligi aytilgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, bu fantastik summa.

«Oltindan quriladimi, deysan. Lekin pudrat qiroli va shimolliklar har qanday loyiha qiymatini bir necha karra oshirishga usta emasmi? 2 blokli kichik AES 35 milliard dollargacha shishsa, 2 blokli katta AESlar narxi qanchaga yetadi?» — degandi mutaxassis shunday ma’lumotlarga munosabat bildirarkan.

Bundan tashqari, Azim Ahmadxo‘jayev 4-iyundagi bayonotida butun loyihani amalga oshirish uchun «ma’lum bir qismda» davlat budjeti mablag‘lari zaxira qilinishi, biroq asosiy qismi kredit mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishini ta’kidladi.

«Biz loyiha qiymatining 85–90 foizini kredit mablag‘lari shaklida jalb qilmoqchimiz. “Katta to‘rtlik” (Big Four) tarkibidagi xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda olib borgan hisob-kitoblarimizga ko‘ra, agar loyihaga shuncha miqdorda mablag‘ kiritilsa, uning budjetga keltiradigan samarasi 165 milliard dollardan oshib ketadi. Turdosh xizmatlar paydo bo‘ladi, shuningdek, soliq ajratmalari tusha boshlaydi. Shu bois ushbu loyiha o‘ta samarali hisoblanmoqda», — dedi «O‘zatom» rahbari.

Bundan tashqari, Vladimir Putin 4-iyun kuni O‘zbekistonda birinchi integratsiyalashgan AES qurilishining boshlanish marosimida Rossiya qurilish uchun imtiyozli eksport krediti ajratishini ma’lum qildi.

«Rossiya nafaqat AES qurishi, balki o‘zbekistonlik hamkorlarga imtiyozli eksport krediti ajratishi hamda stansiya faoliyatining butun hayotiy sikli davomida ko‘mak ko‘rsatishi muhim ahamiyatga ega», — dedi Rossiya prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga “reaktor yonilg‘isini uzoq muddatli yetkazib berish, servis va texnik xizmat ko‘rsatish hamda ishlatilgan yadroviy material bilan ishlash bo‘yicha majburiyatlar” kiradi.

AESdan Rossiya qancha foyda ko‘radi?

2019 yil avgust oyida «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachyovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda AES qurilishiga sarflangan har bir dollar mahalliy ta’minlovchilarga 1,9 dollar, mamlakat yalpi ichki mahsulotiga 4,3 dollar va soliqlar shaklida 1,4 dollar foyda keltirishi mumkin.

Ammo keyinchalik loyiha kelishuvlari o‘zgartirilgani va stansiyalar 2 ta kichik hamda 2 ta yirik reaktorli formatga o‘tgani uchun qiymat qayta hisoblangan.

Xususan, «Rosatom» rahbari 2026 yilda loyiha doirasida Rossiya korxonalari uchun buyurtmalar hajmi 2 trln rublgacha (taxminan 24,7 mlrd dollar) yetishi mumkinligini qayd etgan.

Qurilish bosqichida kiritilgan har bir rubl budjetga 1,5 rubl sifatida qaytadi, stansiya ishga tushgach esa bu ko‘rsatkich 2 rublgacha oshadi. Loyiha Rossiyaning o‘zida ham mingga yaqin mutaxassisni ish bilan ta’minlaydi.

Shu o‘rinda AES qurilishi masalasi boshidanoq jamoatchilikda turli muhokamalar, xususan, e’tirozlarga sabab bo‘lib kelayotganini ham qayd etish lozim. Loyiha e’lon qilinganidan buyon uning iqtisodiy samarasi, xavfsizligi, ekologik oqibatlari va muqobil energiya manbalariga nisbatan afzalliklari haqida bahslar davom etmoqda. VAQT.UZ bugungi maqolada loyihaning bu qismlariga to‘xtalib o‘tmadi.

So‘nggi sakkiz yillik jarayonga nazar tashlansa, loyihaning formati, rejalar va hisov-kitoblar quvvati va qiymati bir necha bor o‘zgarganini ko‘rish mumkin. Har safar yangi rejalar, yangi hisob-kitoblar va yangi raqamlar paydo bo‘ldi. Bu esa jamoatchilikda loyihaning haqiqiy ko‘lami va qiymati bo‘yicha shubha va gumonlarni yanada ko‘paytirmoqda.

Shuningdek, loyihani moliyalashtirish uchun jalb qilinayotgan kreditlar va boshqa majburiyatlarning asosiy yuki oxir-oqibat O‘zbekiston fuqarolari zimmasiga tushar ekan, jamoatchilik ham uning barcha jihatlari haqida to‘liq ma’lumot olishga haqli. Bu nafaqat kredit shartlari, balki tenderlar, pudratchilar, qurilish xarajatlari, davlat majburiyatlariga ham taalluqli.

Milliardlab dollarlik loyihada ochiqlik shunchaki yaxshi amaliyot emas, balki jamoatchilik oldidagi mas’uliyat bo‘lishi kerak.

Maftuna Yaxshilikova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid