Kim Chen Inning singlisi yadro qurolidan voz kechishni so‘raganlarga keskin javob qaytardi
Unga ko‘ra, yadroviy tiyib turish kuchlari davlat suverenitetini va hokimiyatni himoya qilishning eng yaxshi kafolati bo‘lib qoladi.

Shimoliy Koreya yetakchisining singlisi, Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi bo‘lim mudiri Kim Yo Chjon KXDRni denuklearizatsiya qilish (yadro qurolidan xoli hududga aylantirish) chaqiriqlarini keskin rad etdi va mamlakatning yadroviy maqomi o‘zgarmas ekanini ma’lum qildi. Bu haqda STAK agentligi yozmoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Kim Yo Chjon yaqinda Filippinda bo‘lib o‘tgan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) mintaqaviy forumining tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishiga nisbatan rasmiy matbuot bayonotini e’lon qilgan.
«Koreya yarimorolidagi vaziyat mohiyatini buzib ko‘rsatgan va qandaydir «Koreya yarimorolini to‘liq denuklearizatsiya qilish» haqida takrorlagan raisning achinarli bayonoti e’lon qilindi. KXDR Konstitutsiyasini e’tiborga olmay, AQSH izidan ergashib „denuklearizatsiya“ haqida kuylayotgan forumning ochiqdan-ochiq dushmanlik pozitsiyasidan jiddiy noroziligimni bildiraman hamda eng keskin ritorik iboralar bilan buni qat’iy qoralayman va rad etaman», — deya ma’lum qilgan Kim Chen Inning singlisi.
Yadroviy davlat maqomi va uzluksiz rivojlanish
ASEAN mintaqaviy forumini AQSHning «yollanma jarchisi» deb atagan Kim Yo Chjon KXDRning yadroviy davlat maqomi qog‘ozlardagi chaqiriqlar bilan o‘zgarmasligini ta’kidlagan.
«AQSH va uning yordamchilari KXDR Konstitutsiyasida manguga mustahkamlab qo‘yilgan yadroviy davlat maqomini hech qanday yuridik majburiyatga ega bo‘lmagan birgina qog‘oz bilan o‘zgartirishga urinmoqda», — dedi u.
Shuningdek, Kim Yo Chjon Shimoliy Koreyaning yadroviy quvvati zarracha to‘xtalishsiz, muttasil ravishda yangilanib borishini ta’kidlagan.
«Bizning pozitsiyamiz izchil va aniq: yadroviy tiyib turish kuchlari davlat suvereniteti uchun ishonchli qalqon va davlat hokimiyatini himoya qilishning eng yaxshi kafolatidir. Kim nima demasin, kuchlar paritetini ta’minlovchi va Koreya yarimoroli hamda uning hududidan tashqarida geosiyosiy xavfsizlikni kafolatlovchi mas’uliyatli yadroviy davlat sifatida KXDRning maqomi va mavjudligi uzil-kesil hamda ortga qaytmasdir».





